Ukrainaning Xerson shahrida okkupatsiya davrida Rossiya tomonidan davlat darajasida moliyalashtirilgan kamida 20 ta qiynoq qamoqxonalari tashkil etilgan. Bu haqda Ukrainadagi harbiy jinoyatlarni tergov qilayotgan Mobile Justice Team (Mobil adliya jamoasi) xalqaro advokatlar guruhi ma’lum qildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu qamoqxonalardan o‘tgan mingdan ortiq mahalliy aholidan ko‘rsatmalar olingan. “Rossiya davlati tomonidan moliyalashtiriladigan ommaviy qiynoq kameralari tasodifiy emas, balki Ukrainaning milliy va madaniy o‘ziga xosligini yo‘q qilishga mo‘ljallangan aniq rejaning bir qismi”, — dedi guruh rahbari britaniyalik huquqshunos Ueyn Jordash The Guardian nashriga.
Uning aniqlik kiritishicha, bu qamoqxonalarning ba’zilari Rossiya harbiylari yoki Federal xavfsizlik xizmati tomonidan, boshqalari esa Xerson viloyati yoki o‘zini o‘zi respublika deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk respublikalaridan kollaborantlar tomonidan boshqarilgan. Qamoqxonalarni boshqarishda ishtirok etganlar orasida Xerson viloyatining okkupatsion ma’muriyati rahbari Vladimir Saldo ham bo‘lgan. “Biz uning rolini aniq bilmaymiz, lekin u ushbu tizimni boshqarishda ishtirok etgan”, — dedi Jordash.
Qamoqxonalarga, birinchi navbatda, Ukraina davlat organlari yoki fuqarolik jamiyati bilan aloqador odamlar — faollar, jurnalistlar, davlat xizmatchilari va o‘qituvchilar tushgan. Ba’zi odamlar ko‘chada, telefonlaridan “ukrainaparast” materiallar topilgani uchun hibsga olingan.
Qiynoq kameralarida odamlarni kaltaklashgan, elektr toki bilan qiynashgan, boshlarini suvga solib, nafas olishiga yo‘l qo‘yishmagan, deydi advokatlar. Qo‘lga olinganlar rossiyaparast shiorlar, she’r va qo‘shiqlarni o‘rganishga va o‘qishga ham majburlangan.
Xerson 2022-yil 2-martdan 11-noyabrgacha sakkiz oy davomida Rossiya istilosi ostida edi. Bu vaqt ichida shaharning 400 ga yaqin aholisi bedarak yo‘qolgan.