Gretsiya tarixidagi eng yirik temiryo‘l halokati qurbonlari soni 57 kishiga yetdi, biroq bu raqamlar hali oshishi mumkin, deb xabar bermoqda Euronews.
Larisa shahri chekkasida yuk poyezdi bilan to‘qnashib ketgan Afina—Saloniki yo‘lovchi poyezdi yo‘lovchilarining aksariyat qarindoshlari haligacha yaqinlarining taqdiri qanday kechganini bilolmayapti.
Qutqaruvchilar pachoqlanib ketgan metall orasidan odamlarni qidirishni davom ettirmoqda. O‘t o‘chiruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, poyezdning restoran-vagoni to‘qnashuvdan so‘ng darhol yonib ketgan, undagi harorat 1300 darajaga yetgan bo‘lishi mumkin.
Fojia grek jamiyatini hayratda qoldirdi. Qon quyish punktlarida donor bo‘lishni xohlovchilarning uzun navbatlari paydo bo‘ldi. Mamlakatda norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda, temiryo‘lchilar ish tashlamoqda, ular harakat xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq “surunkali” muammolar haqida gapirishmoqda.
Iste’foga chiqqanini e’lon qilgan sobiq transport vaziri Kostas Karamanlis “hukumat sodir bo’lgan voqealarning oldini olish uchun yetarlicha harakat qilmaganini” tan oldi.
59 yoshli vokzal boshlig‘i 1-mart kuni hibsga olingan va unga “ehtiyotsizlikdan odam o‘ldirish” va “tanaga shikast yetkazish” ayblovlari qo‘yilgan. Vokzal rahbari o‘zining “xatosi” tufayli yo‘lovchi va yuk poyezdlari bir relsda harakatlanganini qisman tan oldi. Shu bilan birga, Reuters ayblanuvchi advokatining fojiaga nafaqat “beparvolik”, balki “boshqa omillar” ham sabab bo‘lgani haqidagi so‘zlarini keltirdi.
1-martga o‘tar kechasi Gretsiyaning Evangelizmos stansiyasida ikki poyezd to‘qnashib, yo‘lovchi poyezdining uchta vagoni relsdan chiqib ketgandi, shundan so‘ng yong‘in boshlangan. Hodisaga ikki poyezdning bir vaqtda bitta relsda yo‘lga chiqqani sabab bo‘lgan.