Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning sog‘lig‘ida muammolar bo‘lishi mumkin. Bu haqda Germaniyaning Bild nashri ma’lum qildi.
Nashr jurnalistlari bunga dalil sifatida Qodirovning eski va yangi suratlarini solishtiradi. Tasvirda Checheniston rahbari vazn orttirgani va yuzi semirganini ko‘rish mumkin. Siyosatchining buyragida muammolar borligi aytilgan. Muhojirlikda yashayotgan Checheniston bosh vazirining sobiq o‘rinbosari Ahmad Zakayev shunday da’voni ilgari surgan.
“Buyrakdagi muammo uning tanasidagi shishlardan ham bilinadi”, — deyiladi xabarda.
Qodirov Moskvadagi shifokorlarga ishonmagani uchun Chechenistonga Birlashgan Arab Amirliklaridan nefrolog olib kelgani aytilgan. Abu-Dabidagi Burjil kasalxonasi buyraklar bo‘limi bosh shifokori, doktor El-Shahat Qodirovni davolash uchun Grozniyga uchib ketgani xabar qilingan. Shuning uchun Qodirov Putinning 21-fevral kuni Federal Majlisga nutqida qatnasha olmagani ta’kidlanadi. El-Shahat 40 yildan ortiq tajribaga ega shifokor ekani qayd etilgan.
Qodirovning vaqti-vaqti bilan baquvvat va chaqqon ko‘rinishi stimulyatorlar tufayli ekani aytiladi. “Endilikda Checheniston rahbari dorilarga bog‘lanib qolgan”, — deydi jurnalistlar.
Bungacha G‘arb nashrlari Rossiya prezidenti Vladimir Putinning sog‘lig‘ida muammolar borligi haqida xabar berib kelgan. Jumladan, Putin saratonga chalingani va onkolog ko‘rigidan o‘tib turishi haqida aytilgan. Rossiya rahbariga sayohatlari davomida ko‘pincha qalqonsimon bez saratoni va LOR bo‘yicha ixtisoslashgan jarroh hamrohlik qilishini aniqlangan. Turli safarlarda prezidentga 6 dan 13 nafargacha mutaxassis hamrohlik qilgan. Biroq Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putinda hech qanday saraton kasalligi yo‘qligini qayd etgan.
Shu bilan birga, Putin Parkinson kasalligidan ham aziyat chekishi, u allaqachon 8 kiloga ozgani qayd etilgan. Rossiya prezidenti dekabr oyida zinadan yiqilib tushgani sababli “tezda uning yo‘g‘on ichagini operatsiya qilish kerak”ligi haqida xabarlar paydo bo‘lgan. Daniya razvedkasi Putin Ukrainaga qarshi urushni gormonal dorilar ta’sirida boshlagan bo‘lishi mumkinligini ilgari surgan.