O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Azim Mullaxonovning Muqimiy nomidagi musiqali komediya teatriga rahbar etib tayinlangani ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgandi. “Daryo” muxbiri Nargiza Murodova xonanda bilan suhbatda bo‘lib, teatrdagi faoliyati va unga nisbatan bildirilgan tanqidlarga qanday munosabatda ekanini aytdi.
— Rahbar lavozimlariga ko‘p bor taklif etishgan. Ammo bu gal “Bolaligingiz shu dargohda o‘tgan, bu jamoa bilan avvaldan yaxshisiz”, deyishgani uchun yo‘q deyolmadim. Teatrdagi muhit va orkestr bilan ishlashni juda yaxshi tushunaman. Chunki o‘zim ham teatrda O‘zbekiston xalq artisti Nabi Xalilov dirijorligidagi orkestda sozanda bo‘lib ishlaganman, — deydi Azim Mullaxonov.
Aziz Mullaxonov rahbar bo‘lishni istadimi yoki boshqalar istashdimi? Xonanda bu savolga quyidagicha javob berdi.
— Rahbar bo‘lishimni ko‘proq istashdi. Shu ishni uddalayman, onamning ham ruhi shod bo‘ladi, deb va’da berdim. Tabiatan va’da bergan ishimning uddasidan chiqishga odatlanganman. Ayrimlar o‘ylagandek, teatrdan xabari yo‘q inson emasman. Avvalgi teatr va rassomchilik institutining rejissorlik bo‘limida tahsil olganman.
Oldindan maqtanish niyatim yo‘q, ammo imkon qadar teatr rivojiga hissa qo‘shishga harakat qilaman, — deydi Azim Mullaxonov.
Avvalroq “Million” kulgi jamoasi sardori, boshlovchi Davron Kabulov O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Azim Mullaxonovning Muqimiy teatriga direktor bo‘lganini tanqid ostiga olgan edi.