Deadline “U tunda keladi” loyihasi bilan tanilgan rejissor Trey Edvard Shultsning yangi loyihasidagi eksklyuziv kastingni e’lon qildi. Hozircha nomi ma’lum qilinmagan filmda “Oskar” mukofotiga nomzod bo‘lgan aktyor Barri Keogan (“Inisherinalik Banshi” loyihasida rol ijro etgan), “Uenzdey” seriali yulduzi Jenna Ortega va estrada xonandasi The Weeknd (haqiqiy ismi Abel Tesfaye) ishtirok etadi.
The Weeknd uchun bu rol to‘liq badiiy film debyuti bo‘ladi, u Shults bilan birga film ssenariysini ham yozgan. Bu loyihagacha u aka-uka Sefdining “Sayqallanmagan olmoslar” filmida kameo rolini ijro etgan. Bu yil HBO telekanalida uning ishtirokidagi “Kumir” teleseriali ham ekranlarga chiqadi.
Yangi loyihaning sujet tafsilotlari sir saqlanmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, Los-Anjelesda filmning suratga olish ishlari boshlangan, Keogan va Ortega esa ssenariydan “hayratda qolgan”. Loyiha ijodkorlari safiga operator Cheysi Irvin va bastakor Daniyel Lopatin (“Yaxshi vaqt” filmidagi ishi bilan tanilgan) ham qo‘shilgan.
Filmning ekranlarga chiqish sanasi ma’lum qilinmagan. Keogan bu yil ekranlarda namoyish etiladigan Emerald Fennellning “Saltburn” trillerida suratga tushgan. Ortega ishtirokidagi “Qichqiriq 6” slesheri ham mart oyida premyera qilinadi.