Taniqli aktyor Yigitali Mamajonov “Sevimli” telekanalining “Mashhurlar” ko‘rsatuviga bergan intervyusida ijodidagi eng katta gonorarni sobiq rafiqasi Rayhonning klipidan olgani, kliplar orqali tanilganidan uyalmasligi haqida gapirdi.
“Qo‘limga oz-muncha pul berishgan, lekin u pul menga kerakmas edi, sababi maza qilib ijod qilganman”
Bu klip tramplin bo‘ldi. Undan keyin suratga Lola chaqirdi. Uning klipida ham hom video edi. O‘shanda bu so‘zni birinchi marta eshitganman. Kamerani o‘zimga berib qo‘yishdi, real hayotni ko‘rsatib bergandek bo‘lasiz. Ular boshqacha g‘oyalar bilan muxlislarni hayratda qoldiradigan ijodkorlar edi. Loladan keyin Rayhon “Samoda” deb nomlangan klipiga chaqirdi. Eng katta gonorarni ham Rayhonning klipidan olganman, chunki o‘sha paytda o‘zimni yulduz deb o‘ylaganman. Birinchi, ikkinchi kliplarim bilan tanilib bo‘lgandim. Qo‘limga oz-muncha pul berishgan, lekin u pul menga kerakmas edi, sababi maza qilib ijod qilganman.
“Kliplar sabab Yigitali Mamajonov bo‘ldim”
Agar umumiy xulosa qiladigan bo‘lsak, mening hayotimda kliplar alohida o‘ringa ega, chunki o‘sha kliplar sabab Yigitali Mamajonov bo‘ldim, hozirgi darajaga yetib keldim. Bu narsalarni inkor etib bo‘lmaydi. Inson baribir kimligini unutishi kerak emas. Men bu narsadan uyalmayman va g‘ururlanib aytishimning sababi aynan kliplar professionalizm darajasiga chiqib, syujetlar qiziqarli cho‘qqiga yeta boshlaganida ijodimni boshlaganman. Bu ham bir omad. Institutdagi guruhimizda 25 ta bola bor edi, orasida mendan ham iste’dodlilari bo‘lgan. Biroq kliplarga aynan meni chaqirishgan. O‘rtacha iste’dodli bola edim, o‘zimni zo‘rman deya olmasdim.