Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tayotgan IDEX ko‘rgazmasida Turkiyaning eng katta TAI Aksungur droni namoyish qilindi. Bu haqda Times Aerospace xabar berdi.
TAI Aksungur ikki dvigatelli, o‘rta balandlikda uchuvchi dron bo‘lib, osmonda uzoq vaqt turishga va og‘ir yuklarni ko‘tarishga qodir. Aksungur harbiy maqsadlar uchun moslashtirilgan Anka-S fuqarolik dronining davomchisi hisoblanadi. Dron havoda 12 soatgacha turishi va qo‘shinlar uchun zarur bo‘lgan yarim tonnagacha texnikani olib yurishi mumkin.
Aksungur droni Tusas Engine Industries (TEI) PD-170 juft turbo dizel dvigatellari bilan jihozlangan. Ularning har biri dronning uch qanotli vintlarini boshqaradi. Drondan nafaqat yuk tashish, balki razvedka missiyalarida ham foydalanish mumkin. Mazkur missiyalarda dronning havodagi parvoz vaqti ikki baravar ko‘payadi, ya’ni deyarli bir kunlik doimiy parvozgacha.
Prototipning birinchi parvozi to‘rt yil avval bo‘lib o‘tgan va ishlab chiqarish 2020-yilda boshlangan. Hozirda bunday dronlar Turkiya dengiz flotida xizmat qilmoqda, Jazoir esa o‘z armiyasiga yana oltitasini buyurtma qilgan.
Dronning umumiy xususiyatlari:
Uzunligi — 12,0 m
Qanotlari kengligi — 24,0 m
Vazni — 1800 kg
Maksimal uchish og‘irligi — 3300 kg
Izoh (0)