Oʻzbekistonda Koreya universiteti taʼlim standartlari asosida shifokor va hamshiralar tayyorlash, soha mutaxassislari malakasini oshirish, ilmiy tadqiqotlar olib borish yoʻlga qoʻyiladi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga koʻra, sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov va Koreya universiteti prezidenti Jin Te Chang boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan muloqot boʻlib oʻtdi. Taʼkidlanishicha, Koreya universiteti bilan “Toshkent tibbiyot akademiyasida sogʻliqni saqlash sohasida taʼlimni takomillashtirish”ga oid xalqaro ilmiy grant doirasida hamkorlik qilib kelinmoqda. Shu asosda akademiyada “Atrof-muhit va inson salomatligi” kafedrasi hamda zamonaviy ilmiy markaz tashkil etilib, ilgʻor laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlangan. Har ikki loyiha atrof-muhitdagi zararli va xavfli moddalarni oʻrganib, ularning aholi hamda ishchilar salomatligiga taʼsirini baholashga qaratilgan.
Qayd etilishicha, muloqotda delegatsiya vakillari tibbiy taʼlim yoʻnalishida qoʻshma dasturlarni amalga oshirish, xususan, Koreya universiteti taʼlim standartlari asosida shifokor va hamshiralar tayyorlash, soha mutaxassislari malakasini oshirish, ilmiy tadqiqotlar olib borish borasida hamkorlik aloqalarini kengaytirishga tayyor ekanligini maʼlum qildi. Toshkent tibbiyot akademiyasida boʻlib oʻtgan taqdimot yakunida Koreya universiteti prezidenti Jin Te Changga akademiyaning “Faxriy professori” unvoni topshirildi. Oʻz navbatida, tomonlar oʻrtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.
Izoh (0)