2-fevral sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan kimsasiz orolda salkam 5 yil qolib ketgan haqiqiy “Robinzon Kruzo”, Alyaskani epidemiyadan qutqargan “Balto” hamda Charli Chaplin ishtirokidagi ekranga chiqqan birinchi filmga oid faktlar o‘rin olgan.
Kimsasiz orolda salkam 5 yil qolib ketgan haqiqiy “Robinzon”
1709-yil 2-fevral kuni Mas-a-Tyerra orolida Robinzon Kruzoning prototipi Aleksandr Selkirk qutqarib olingandi. U orolda 4 yildan ortiq vaqt yashagan.
Aleksandr 18 yoshida dengizchi bo‘lishga qaror qiladi (uning otasi etikdo‘z bo‘lgan). Yigitcha Afrikaga yo‘l olayotgan kemaga matros bo‘lib ishga joylashgan. Safar davomida kemaga qaroqchilar hujum qiladi va yosh matros asirga olinib, qullikka sotib yuborilgan. Bu Selkirk hayotining qorong‘i qismi — aftidan u qaroqchilik bilan shug‘ullangan, chunki bir necha yildan keyin uyiga qulog‘iga tilla zirak taqilgan, qimmat kiyim va qo‘lida pul bilan qaytgan.
Shundan so‘ng u Uilyam Dampir rahbarligi ostidagi flotiliya tarkibiga kiruvchi “Senkpor” kemasi bosmani lavozimiga qadar xizmat qilgan va 1704-yilda Janubiy Amerika qirg‘oqlariga yo‘l olgan. Qiziqqon yigit muntazam ravishda kema kapitani Stradling bilan janjallashib qolgan. Mas-a-Tyerra orolida yuz bergan navbatdagi bahslarning biridan keyin Selkirk o‘zini orolda qoldirishlarini talab qilgan. Kapitan zudlik bilan uning talabini qanoatlantirgan. Keyinroq o‘ziga kelgan bosman kapitandan qarorini bekor qilishni so‘ragan, ammo endi kech edi. 27 yoshli Silkirk Robinzon Kruzo ahvoliga tushib qolgandi.
Aleksandr Selkirkning yonida omon qolish uchun buyumlari bo‘lgan xolos: bolta, qurol, porox zaxirasi va hokazo. Yolg‘izlikdan azob chekkan Selkirk orolga moslashib, omon qolish ko‘nikmalarini shakllantira borgan. U omadli chiptani qo‘lga kiritganidan bexabar edi — “Senkpor” kemasi tez orada halokatga uchrab, butun jamoadan hech kim omon qolmagandi.
Selkirk sekin-asta orolni o‘rganishni boshlaydi. Aniqlanishicha, uning uzunligi 20 kilometrni, eni esa 5 kilometrni tashkil etgan. Orol qalin o‘simliklar qoplagan bo‘lib, unda turli qushlar va mayda jonivorlar yashagan. Qirg‘oqda toshbaqa va tyulenlar yashagan, dengizda esa turli baliqlar suzib yurgan.
Avvaliga ovqat ratsioni juda g‘arib edi — u mollyuskalar bilan oziqlangan, ammo vaqt o‘tishi bilan orolda echkilarga duch kelgan. Qachonlardir bu yerda odamlar yashagan va o‘zi bilan birga ushbu jonivorlarni olib kelgandi, ammo ular orolni tark etishi bilan echkilar yovvoyilashib ketgan. Selkirk ularni ovlab, ratsioniga go‘shtni qo‘shishga erishadi. Tez orada u jonivorlarni qo‘lga o‘rgatib, undan sut olishni boshlaydi. O‘simliklardan esa sholg‘om, karam va qora bulg‘orga, shuningdek, ayrim mevalarga duch kelgan.
Uning uchun kalamushlar xavf tug‘dirardi, ammo Selkirkning baxtiga orolda yovvoyi mushuklar ham yashagan. U mazkur jonivorlar yordamida kemiruvchilardan qo‘rqmasdan bemalol uxlashi mumkin edi. Selkirk daraxtlardan o‘ziga ikkita chayla quradi. Yonida bo‘lgan porox zaxiralari tugab qolgani bois u echkilarni qurolsiz ovlay boshlagan. Shunday ovlarning birida u jarlikni payqamay qolgan va unga tushib ketgan. Baxtli tasodif bilangina erkak omon qolgandi.
Selkirk gapirishni unutib qo‘ymaslik uchun muntazam ravishda “Injil”ni ovoz chiqarib o‘qigan. U xudojo‘y bo‘lmasa-da, shu orqali u inson ovozini eshitib turardi. Kiyim-kechaklari yirtila boshlagach, u echki terisidan foydalanishga o‘tgan.
Etikdo‘zning farzandi bo‘lgan Selkirk terini qanday qilib shilib olish kerakligini yaxshi bilardi. Oyoq kiyimlari yedirilib ketgach, u yangisini tayyorlashga urinmagan, chunki oyog‘ida paydo bo‘lgan qadoqlar yalangoyoq yurishga imkon beradi.
Dengizchi asta-sekinlik bilan o‘z holatiga ko‘nika boshlagan. Sog‘lom iqlim va har kunlik mehnat o‘zining salomatligini mustahkamlagan. U oldingidek yolg‘izlikni his qilmay qo‘ygandi. Kunlarning birida orolga ikkita kema suzib keladi — ular ispanlarga tegishli bo‘lib, u vaqtlarda Angliya va Ispaniya bir-biriga dushman edi. Selkirkni hibsga olishlari yoki umuman otib tashlashlari mumkin edi, shu sababdan u yashirinishga qaror qilgan.
U uzoq yillar kutgan yordam 1709-yil 2-fevral kuni kelgan. Bu inglizlarning “Dyuk” kemasi bo‘lib, u dengizlar bo‘ylab xavfli va uzoq reydni amalga oshirish bilan shug‘ullanayotgandi. Shu boisdan Selkirk tezda uyiga yo‘l olmagan — “Dyuk”da u butun dunyoni aylanib chiqqan. Oradan 33 oy o‘tganidan keyin, 1711-yil 14-oktabr kuni u Angliyaga qaytgan, bu vaqtda kelib u egallab olingan “Inkriz” kemasining kapitaniga aylangandi.
Daniel Defo romanidagi Robinzon Kruzo hayoti ancha rang-barang tasvirlangan. Uzoq yillarda yolg‘izlikda qolgan erkak o‘ziga do‘st orttirgandi, Selkirkda bunday hodisa yuz bermagan. Aleksandr kitobda tasvirlanganidek qonxo‘r kanniballarni ham uchratmagan.
Ona vatani Largoga qaytgan Selkirk tinch hayot kechirgan; qovoqxonalarga tashrif buyurib, o‘z sarguzashtlarini odamlarga so‘zlab bergan. Zamondoshlarining xotirlashicha, u yaxshi hikoyachi bo‘lgan. Shu sabab 1713-yilda Richard Stil “Ingliz” jurnalida u haqida shunday degandi: “tinglash juda maroqli, u tiniq fikrlaydi va ko‘nglidagi narsalarni yorqin ifodalab beradi”.
Ammo Selkirk yangicha hayotga baribir ko‘nika olmagan. Leytenant lavozimida qirollik flotiga o‘tib, “Veymut” kemasi bortida halok bo‘lgan. Kema jurnali qaydlariga ko‘ra, u 1721-yil 13-dekabr kuni kechki 20:00 da vafot etgan. O‘limiga sariq bezgak sabab bo‘lgan. Selkirk G‘arbiy Afrika qirg‘oqlariga dafn etilgan.
Alyaskani epidemiyadan qutqargan “Balto”
1925-yil 2-fevral kuni chana qo‘shilgan itlar besh yarim kun davomida yugurib, Alyaskaning Nom shahriga bo‘g‘ma (difteriya) epidemiyasiga qarshi antitoksinni yetkazib kelgandi. Mazkur voqea sharafiga har yili “Ayditador” poygalari o‘tkazilib kelinadi.
Nyu-York Markaziy bog‘iga “Balto” laqabli itga bag‘ishlab o‘rnatilgan bronza haykalni uchratish mumkin. U Alyaskadagi kichik shaharchada tarqalgan bo‘g‘ma epidemiyasiga dorini yetkazib bergan itlarning yo‘lboshchisi edi. Bugungi kunda bo‘g‘ma haqida ko‘pchilik eshitmagan. Ammo XX asr boshlarida shifokorlar unga tez-tez duch kelardi, masalan, Bulgakov va Chexov ham u haqda yozgan. Unga qarshi dori yaratilgunga qadar bolalar orasida o‘lim holati 70—100 foizni tashkil etgan, bola qancha yosh bo‘lsa, kasallik shuncha tez rivojlangan. Bo‘g‘ma bilan bog‘liq eng mashhur voqealardan biri AQSH tarixida yuz bergan.
XIX asr oxirlarida “Oltin vasvasasi” davrida Alyaskada shaharlar paydo bo‘la boshlagan: u yerda tezda boyib ketish niyatida bo‘lgan odamlar oqib kelgan. Firibgarlar, ishbilarmonlar, sarguzashtlar ixlosmandlari Alyaskani egallagan. Shu kabi kichik shaharlardan biri Syuard yarimoroli qirg‘og‘ida joylashgan Nom edi. 1910-yildayoq bu yerda 20 mingga yaqin aholi istiqomat qilgan, ba’zida bu yer Alyaskadagi eng ko‘p aholi istiqomat qilinadigan shahar ham deyishgan. Oltin vasvasasi tinchigach, shahar deyarli bo‘shab qolgan.
1925-yil yanvar oyida Nomda bolalar uchun xavfli kasallik bo‘g‘ma epidemiyasi boshlanadi — u havo-tomchi usuli orqali yuqib, og‘iz va burun orqali yurak qon-tomir, nerv tizimiga kirib borib, tana haroratini ko‘tarib yuborgan, bo‘g‘ilishni yuzaga keltirgan. Bolalar uchun difteriya halokatli edi: intoksikatsiyadan tashqari yallig‘lanish ham hosil bo‘lgan — nafas yo‘llari yopilib qolgan. Unga qarshi yagona samarali vosita — bo‘g‘maga qarshi damlama edi. Ammo Nomda u yo‘qligi sabab, bolalar katta xavf ostida qolgan.
Aksiga olib ob-havo ham yomon edi: bo‘ron, qalin qor yoqqan. Na kema va na samolyotlar Nomga qadar yetib kela olgan. Ikki ming kilometr uzoqlikdagi Ankorijadan damlamani olib kelish hayot-mamot masalasi edi. Buning uchun butun Alyaskani qisqa muddatda kesib o‘tishga to‘g‘ri kelardi. Bir necha bola vafot etgan, qolganlar og‘ir ahvolda edi. Shahar shifokori Kurtis Velch ochiq radioefir orqali yordam so‘ragan.
Barcha harakatlar maksimal tez amalga oshirilgan — qaror zudlik bilan qabul qilingan. Damlama Ankorijadan poyezd orqali Nenanga olib kelingan. Bu yo‘lning yarmini tashkil etardi. Nenandan Nomdagi bolalar oldiga qadar bo‘lgan masofa 1085 kilometrni tashkil etgan. Damlamani itlarda yetkazib berishga qaror qilingan, shu orqali Rahm-shafqat poygasi boshlangan.
Shifokorning chaqirig‘iga o‘nlab ko‘ngillilar “labbay” deya javob qaytaradi. Reja tuziladi: 150 ta it va 20 ta chanachi ishtirokida estafeta marshruti tuziladi — sekin harakatlanish mumkin emasdi.
Chanachilardan biri imkon qadar harakatlangan va dorini keyingi chanachilarga topshirgan. Butun Amerika soat sanab, vaziyatni kuzatgan. Gazetalarda xaski itlarining suratlari birinchi sahifalarda paydo bo‘la boshlagan.
Estafeta yo‘lining o‘rtasida dorini Leopard Sepela — Alyaskadagi eng tezkor poygachi qabul qilib olishi kerak edi. Uning itlariga “Togo” laqabli Sibir xaskisi boshchilik qilgan.
Norton ko‘rfazi yaqinida yo‘lni kesib o‘tmoqchi bo‘lgan Seppala muz ustidan harakatlanishga qaror qiladi. Ammo ko‘rfazdagi muzlar ko‘chgani bois ulardan biri Leonardga tegadi va chana tuzoqda qolib ketadi. Ular bir necha soat davomida ochiq suvda qolib ketgan. Leonard kerakli vaziyatni kutgan va qirg‘oqdagi muzga sakrab o‘tishga muvaffaq bo‘ladi, ammo qimmatbaho yuk ortilgan chana va itlar uzoqda qolib ketgandi. Shunda “Togo” arqonni tishlab suvga sakrab Leonardning oldiga qadar suzib keladi: poygachi uni tutib olib, itlarni o‘ziga tortib olishga erishadi.
Leonardning chanasi 418 kilometrli eng yomon masofani bosib o‘tadi. Damlamani keyingi poygachiga topshirib, Seppala panjalarini muzlatib qo‘ygan “Togo”ni davolashga kirishadi.
Dorini Nomga yetkazish cheki norvegiyalik Gunnar Kaasen zimmasiga tushgandi. Uning itlariga yosh qora xaski “Balto” boshchilik qilgan — u poygachi emas, balki yuk tashiydigan it edi. “Balto” chopag‘on emasdi, yosh bo‘lgani bois uzoq masofaga yugurish bo‘yicha ham tajribasi bo‘lmagan.
Muntazam shamol esgan, hamma joyni qor qoplagandi — shamol ko‘zga qor purkab, chanani ag‘darib yuborardi. Posilkani qalin qor orasidan qidirishga to‘g‘ri kelardi. Itlar va Gunnar qorni kavlab, damlamani qidirishga tushgan.
Havo harorati Selsiy bo‘yicha -51 daraja edi. Itlar muzlab qolib qulab tushar, Gunnar yiqilgan itlarni to‘dadan chiqarib tashlab, harakatni davom ettirgan. Bo‘ron sabab Gunnar va “Balto” Nomga qadar 34 kilometr qolganida navbatdagi chanachi bilan almashishi kerak edi.
Bu poygachilar — itlar ham, odamlar uchun ham eng og‘ir sinov vaqti edi. Bo‘ron yo‘lni ko‘rishga imkon bermas, barcha sovuqdan dir-dir titrardi. Hushini yo‘qotgan Gunnar chanaga yiqiladi. Barchasini itlarning o‘zi hal qilgan. “Balto” 2-fevral kuni soat 05:30 da chanani Nomga yetaklab keladi. Shundan keyingina epidemiya chekinishni boshlaydi. Bu voqea Amerika xalqi orasida mashhurlikka erishadi.
Chaplinni mashhur qilgan “Tirikchilik” filmi
1914-yil 2-fevral kuni Charli Chaplin ishtirokidagi birinchi film — “Tirikchilik” ekranlarga chiqqandi. Quyida Chaplinning eng mashhur filmlarini keltiramiz.
Asli britaniyalik rejissor, aktyor, kompozitor, ssenariynavis, prodyuser, qisqa qilib aytganda — ovozsiz kino ustasi va kinematografiya tarixida eng mashhur obrazlardan birini yaratgan Chaplin 1889-yil 16-aprelda dunyoga kelgan. Kichik daydi, ulkan yurakka ega qashshoq obrazlari Chaplin repertuarida 1910-yil o‘rtalarida paydo bo‘lgan va u ekranlarga ko‘chgunga qadar millionlab tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olingan. Qisqa metrajli filmlar sabab artist Daydi obrazidan o‘nlab marotaba muvaffaqiyatli foydalangan, barcha ayblovlarga esa bir xil javob qaytargan: “Sizlarning e’tirozlarining original emas”.
Ammo Chaplin bitta rol aktyori emasdi va o‘tgan asrning boshlarida ommalashgan buffonada janridan ijtimoiy mavzularga o‘tgan. Masalan, uning “Buyuk Diktator” lentasida (1940-yil) Uchinchi reyx yetakchisi Adolf Gitlerning ustidan kulingan. Yahudiyning final monologi katta ekranlarda yangragan eng mashhur nutqlardan biriga aylangan. Chaplin boshqa kartinalarida ham jiddiy muammolarni ko‘targan — “Yangi davr” filmida (1936-yil) Buyuk depressiya va texnologik progress muammolar o‘rtaga olib chiqilgan.
Chaplinning merosi ulkan — u filmlarini o‘zi tasvirga olgan, ularda bosh rollarni ijro etgan, ssenariy va musiqa yozgan, shuningdek, shaxsiy kinostudiyasi orqali prodyuserlik qilgan. Ustaning birgina rejissorligi ostida 80 dan ortiq kartina yaratilgan. “Bolakay”, “Oltin vasvasasi”, “Sirk” va “Katta shahar olovlari” kabi to‘la metrajli filmlari uni haqiqiy Gollivud yulduziga aylantirgan; Chaplin aktyorlik bobida “Oskar”ni qo‘lga kiritmagan bo‘lsa-da, unga tirikligida kinematografining rivojlanishiga qo‘shgan hissasi uchun ikkita mukofot topshirilgan.
Charli Chaplin Shveysariyaning Veve shahrida 89 yoshida vafot etgan. Mashhurlik unga o‘limidan keyin ham tinchlik bermagan — 1978-yilda artistning tobuti o‘g‘irlab ketilib, uning oilasidan pul talab qilishgan, ammo politsiya tez orada jinoyatchilarni qo‘lga olgan.
“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.