Moskvadagi Vnukovo aeroporti orqali so‘nggi 4 kun ichida Tojikistonning 650 nafarga yaqin fuqarosi deportatsiya qilindi. Bu haqida Asia Plus nashri xabar berdi.
Manbada aytilishicha, 26-apreldan 30-aprelgacha Vnukovo aeroportiga kelgan 3101 nafar Tojikiston fuqarosidan 643 nafari mamlakatdan deportatsiya qilingan. Fuqarolarning ko‘pchiligi deportatsiya qilinishidan oldin bir necha kun davomida Rossiya hukumati tomonidan tegishli shart va sabablarsiz saqlab turilgan.
Deportatsiya qilingan fuqarolar haqida Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Asia Plus nashriga maʼlumot taqdim etgan. Xabarda aytilishicha, Moskvada yana 117 nafar Tojikiston fuqarosiga nisbatan deportatsiya to‘g‘risida qaror qabul qilinib, ular aeroportni hali tark etmagan.
Ayni paytda ushbu fuqarolar ham Vnukovo aeroportidagi vaqtinchalik saqlash zonalarida g‘ayriinsoniy sharoitlarda saqlanayotgani aytilgan. Manbaning qayd etishicha, xuddi shunday murakkab vaziyat Sheremetevo, Jukovskiy va Domodedovo aeroportlarida ham kuzatilmoqda.
Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat fuqarolariga murojaat qilib, Rossiya hududiga sayohat qilishdan tiyilishni qatʼiy tavsiya qilgan.
Izoh (0)