Shavkat Mirziyoyev Singapur prezidenti Halima Yaqubning taklifiga binoan 16-18-yanvar kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif dasturiga muvofiq Singapur prezidenti Halima Yaqub va mamlakat Bosh vaziri Li Syan Lun bilan oliy darajada uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Kun tartibidan ko‘p qirrali O‘zbekiston-Singapur munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari o‘rin olgan.
Savdo-iqtisodiy, investitsiya, innovatsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida, shuningdek, davlat boshqaruvi va yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasidagi amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi. Ushbu yo‘nalishlarga doir ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami muzokaralar yakunida imzolash uchun tayyorlanmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston prezidenti Singapurning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazadi. Tashrif arafasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining biznes forumi bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)