Toshkent shahri Sergeli tumanida ikki nafar fuqaro “Fatzorb” nomli preparatni ozdiruvchi dori deb sotayotgani aniqlandi. Bu haqda poytaxt IIBB xabar berdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ozdiruvchi mahsulot sifatida “Fatzorb” nomli dori vositasi sotilmoqda. Ushbu dori tarkibida sibutramin mavjud bo‘lib, u kuchli ta’sir qiluvchi modda hisoblanadi.
5-yanvar kuni Sergeli tumani Obihayot ko‘chasida 1992-yilda tug‘ilgan D.S. va 1993-yilda tug‘ilgan K.S. 600 ming so‘m evaziga 180 dona “Fatzorb”ni sotayotgan vaqtida ushlangan. Shuningdek, K.S. boshqaruvidagi mashina tekshirilganda yana 72 dona dori aniqlangan va ashyoviy dalil sifatida olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.
“Hurmatli fuqarolar. Har qanday dori vositasini sotib olishdan va uni iste’mol qilishdan avval shifokorlar bilan maslahatlashing”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)