1-yanvar sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan Amerikadagi qullarni ozod qilish to‘g‘risidagi manifestni imzolagan Linkoln, ilohiy naslidan voz kechgan imperator Xorixito hamda Kubada inqilob uyushtirgan Fidel Kastroga oid faktlar o‘rin olgan.
Qullarning ozodligi to‘g‘risidagi manifest
1863-yil 1-yanvar kuni AQSHda Avraam Linkolnning qullarni ozod etish to‘g‘risida manifesti e’lon qilingan. Bu AQSHda Shimol va Janub o‘rtasida boshlangan fuqarolik urushida muhim ahamiyat kasb etgandi.1862-yil 22-sentabr kuni prezident Avraam Linkoln yangicha yo‘l tutib, bu boradagi qarama-qarshilikka hal qiluvchi qadamni tashlagan. U qullarni ozod etish haqidagi dastlabki manifestni e’lon qilgan bo‘lib, unda barcha shtatlardagi qullar 1863-yil 1-yanvarda ham isyonni davom ettirishi keltirilgan.
Oradan 100 kun o‘tgach, 1-yanvar kuni Qullarni ozod etish to‘g‘risidagi manifest chiqarilgan va unda quldorlik bekor qilinadigan 10 ta shtat keltirilgan. Qiziq jihati, manifest Shimolni qo‘llab-quvvatlovchi neytral shtatni qamrab olgan. Barcha qullarning ozod etilishini esa oradan 2,5 yil o‘tgach AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan 13-o‘zgartirish ta’minlagan. Shunga qaramay, manifest e’lon qilinganida afroamerikaliklarni shimolliklarning ittifoq armiyasiga qabul qilinish boshlangan. Tez orada ular safiga 200 ming qora tanli askar qabul qilingan va bu urushni Shimol foydasiga hal etilishiga xizmat qilgan.
Manifestda Qo‘shma Shtatlarga qarshi isyon holatida bo‘lgan barcha shtatlar hududlarida qullar 1863-yil 1-yanvardan ozod hisoblanishi keltirilgan. AQSH ijro hukumati, jumladan, harbiylar va harbiy-dengiz organlari ushbu shaxslarning ozodligini tan oladi va ta’minlaydi, ularni bostirishga yoki haqiqiy ozodlikka erishish uchun qilgan harakatlarni bostirishga yo‘naltirilgan biror chorani qo‘llamaydi.
Linkoln o‘zi kim edi?
AQSHning 16-prezidenti Avraam Linkoln mulkdor oilada dunyoga kelgan. Otasi Tomas Linkoln ikkita fermer xo‘jaligiga ega bo‘lib, ancha badavlat inson edi. Lekin keyinroq yerlarni qonuniy o‘zlashtirish bilan bog‘liq muammo sabab Tomas Linkoln bor davlatidan ayriladi va oila yangi yerlarga ega bo‘lish uchun Kentukkidan Indiana shtatiga ko‘chib o‘tgan. Yosh Avraam ulg‘ayishi bilan ro‘zg‘orga qarashish, turmush kamini to‘ldirish uchun bor hunarini ishga solib, ishlay boshlagan.
1830-yil Linkolnlar Illinoys shtatining Nyu-Salem shahriga ko‘chib o‘tgan. Nyu-Salemga yaqin bo‘lgan Missisipi daryosi bo‘ylab yuk tashish xizmatiga ishga kirgan Avraam Linkoln daryo orqali AQSHning o‘sha paytdagi eng yirik shaharlaridan biri — Yangi Orleanga boradi. Bu yerda u ilk bor qul bozorini ko‘radi. Yosh Avraam ruhiyatida ko‘rganlari jiddiy iz qoldiradi va uning qullikka qarshi harakat a’zosiga aylanishiga turtki beradi.
Tez orada Avraam Illinoys shtati qonun chiqaruvchi organi saylovlarida qatnashgan va mag‘lub bo‘lgan. Mag‘lubiyatdan so‘ng pochta bo‘limiga ishga kirib, kitob va siyosiy gazetalarni o‘qishga mukkasidan ketgan. Keyingi saylovlarda g‘alaba qozongan Avraam o‘z qarashlariga mos keluvchi prinsiplarga ega Vigilar (Angliyada vujudga kelgan savdo-sanoat vakillari partiyasi, davomchisi — hozirgi Liberallar partiyasi) partiyasi safiga qo‘shilgan.
Illinoys shtatining mahalliy qonun chiqaruvchi organiga saylangan Avraam Linkoln Vigilar partiyasi yetakchilari Henri Kley va Daniel Vebster ortidan ergashib, qullikka qarshi bong urgan. Vigi partiyasi qarashlarini qo‘llab-quvvatlab, qishloq xo‘jaligiga qaraganda savdo va shahar ishlab chiqarishi foydaliroq ekaniga diqqatni qaratgan (chunki bu davrda qishloq xo‘jaligida asosan qullar mehnatidan foydalanilar edi).
1846-yili Kongressning Vakillar palatasiga saylangan Avraam Linkoln prezident Jeyms Noks Polkning Meksika bilan urushini qoralagan. Bu urushda Meksika AQSh foydasiga o‘zining yarim hududidan ayriladi. AQSh qo‘shinlari hozirgi Nyu-Meksika, Kaliforniya, Arizona, Nevada va Yuta shtatlarini meksikaliklardan tortib olgan. Shu sabab ham amerikaliklar uchun bu urush faxrga aylanadi va unga qarshi chiqqan Avraam Linkoln obro‘si anchagina tushib ketgan. Natijada keyingi saylovlarda qatnashmaslikka qaror qilgan Linkoln Springfildga qaytib kelgan.
Deputatlik yillari demokratik qarashlari shakllangan Linkoln ayollarga ham saylov huquqi berish tarafdori edi, shuningdek, qullikka qarshi bo‘lsa-da, buni ekstremal (tezkor) choralar bilan yo‘q qilishni ham yoqlamagan. Sababi bunday harakat qulchilikka asoslangan shtatlarning keskin noroziligiga olib kelishi va ittifoq birligiga xavf solishi mumkin edi. Amerikalik vatanparvar sifatida Avraam Linkoln ittifoq yaxlitligini har qanday narsadan ustun qo‘ygan.
Vigilar partiyasi tarqala boshlagach, AQShdagi ko‘plab vigilar singari Avraam Linkoln ham yangi Respublikachilar partiyasiga qo‘shiladi. Siyosatdan biroz uzoqlashib, huquqshunoslik bilan faol shug‘ullana boshlaydi.
O‘sha yilning 6-oktabrida Linkoln omma oldida nutq so‘zlaydi va qullikning davom etishini qattiq qoralaydi. Qullikni AQSh Mustaqillik deklaratsiyasi qoidalarining buzilishi deb ataydi.
1860-yili doimiy o‘tkir nutqlari sabab Respublikachilar partiyasi Avraam Linkolnni prezidentlikka nomzod etib ko‘rsatishga qaror qiladi. Ancha tajribali va obro‘li partiyadoshi, senator Uilyam Styuardni ortda qoldirib, Respublikachilar partiyasidan saylovlarda qatnashadi.
Qullikka qarshi bo‘lgan shimoliy shtatlar Linkoln nomzodiga ovoz beradi. Qulchilik tarafdorlari ko‘p bo‘lgan janub esa ikkiga bo‘linadi. Demokratlar partiyasidan nomzodlar Stiven Duglas va Kebel Brekinridj, Konstitutsiyaviy ittifoq partiyasi nomzodi Jon Bell prezidentlik uchun kurashadi. Natijada qulchilik tarafdorlari ovozi uchga bo‘linganda, qullikka qarshilar yagona nomzod Avraam Linkolnga ovoz beradi va 1861-yil 4-mart kunidan Linkoln AQShning o‘n oltinchi prezidentiga aylanadi.
Avraam Linkoln qulchilikka qarshi bo‘lgan Respublikachilar partiyasidan prezidentga aylangan ilk nomzod edi. Uning prezidentlikka saylanishi AQShda uzoq yillardan beri davom etayotgan kurashda nihoyat qulchilikka qarshilarning g‘alabasini anglatardi.
Oddiy insonga aylangan imperator Xorixito
1946-yil 1-yanvar kuni Yaponiya imperatori Xiroxito rasman ilohiy nasabidan voz kechgan. Ikkinchi jahon urushidagi mag‘lubiyat mamlakat tarixida jiddiy iz qoldirgan — oddiy baliqchilardan tortib imperatorgacha bo‘lgan har bir kishi g‘oliblar tomonidan aytilgan qoidalar bo‘yicha yashashni o‘rganishi kerak edi.Taxtga 1926-yilda o‘tirgan imperator Xiroxito urushga tayyorgarlik vaqtida va urushning o‘zida ham asosan millatni birlashtiruvchi hamda ilhomlantiruvchi ramziy shaxsga aylangan. Bosqinning aniq rejalari vazirlar va harbiylar tomonidan ishlab chiqilgan, Xiroxito ularni indamay ma’qullab kelgan xolos.
1945-yilda urush Yaponiyaning to‘liq mag‘lubiyati bilan yakunlangach, yapon elitasi vakillari ustini qora bulutlar qoplagan. Bu Xiroxitoning o‘ziga ham taalluqli edi — 15-avgust kuni imperator shaxsan xalqqa murojaat qilib, so‘zsiz taslim bo‘lishni e’lon qilganiga qaramay, g‘alaba qozongan koalitsiyaning ko‘plab vakillari imperatorni boshqa yapon harbiy jinoyatchilari bilan birga sud majlisida ko‘rishni xohlagan.
So‘zsiz taslim bo‘lish imperatorni hatto o‘z taqdiriga biror ta’sir ko‘rsatish imkoniyatidan ham mahrum etgandi. 1945-yil sentabrda Yaponiya de-faktor suverenitetini yo‘qotgan. Hukumat funksiyalari AQSH generali Duglas Makartur boshchilik qilgan Ittifoq kuchlari oliy qo‘mondonligiga o‘tgan.
Amerika tomonidan uyushtirilgan bombardimonlar oqibatida Yaponiya 98 ta shahrida ayrilgan — bu jami turar joy fondining chorak qismini tashkil etardi. Sovet armiyasi Manjuriyaga kirib, u yerdagi qo‘g‘irchoq hokimiyatni tugatgan, AQSH esa Koreyaning shimol va janubini egallagan. Amerika qo‘shinlari Yaponiya tarkibiga qaytgan Ryukyu oroliga joylashtirilgan va 1970-yillar boshiga kelibgina Sovet Ittifoqi Saxalinni, shuningdek, Kuril orollari guruhini qaytarib olgan.
General Makartur Yaponiyani ichidan o‘zgartirish niyatida bo‘lgan. Meydzi konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish ustida ish boshlagan, u pasifistik ma’noga ega yangi hujjatga aylantirilgan. O‘zgartirishlar hokimiyatni rasman xalqqa bergan, Yaponiyaning harbiy mojarolarda ishtiroki taqiqlagan va qator fuqarolik erkinliklarini ta’minlagan.
Bunday sharoitda general Makartur Yaponiya monarxiyasining tugatilishini so‘l kuchlar ta’sirining kuchayishi va pirovardida Yaponiyaning sovet ta’siri zonasiga tushib qolishini tahdid deb bilgani uchun bunga yo‘l qo‘ya olmasdi. Shu orqali Xiroxito imperator sifatida o‘z o‘rnini saqlab qolgan.
Shu bilan birga, Xiroxito biror jiddiy vakolatga ega bo‘lmagan, to‘liq parlament va hukumatga bog‘lanib qolgan. Tarixiy voqea 1946-yil 1-yanvar kuni sodir bo‘lgan — shu kuni “Ningen-sengen ”deklaratsiyasi e’lon qilingandi. Hujjatda shunday deyilgandi:
“Xalqimiz bilan ahil bo‘lib, ular bilan quvonchu qayg‘uni baham ko‘rishga hamisha tayyormiz. Biz bilan xalq o‘rtasidagi aloqa hamisha o‘zaro ishonch va mehr-muhabbatga asoslangan bo‘lib, faqat afsona va asotirlar bilan emas. Bu bog‘liqlik imperatorning zohir bo‘lgan Xudo (akitsumikami) degan noto‘g‘ri g‘oyaga, yapon xalqining boshqa xalqlardan ustun ekani va uning vazifasi dunyoni boshqarishdir, degan noto‘g‘ri fikrga asoslanmagan”.
Amerika matbuoti “Ningen-sengun” deklaratsiyasini Yaponiyaning mafkuraviy jihatdan yakuniy taxmini deb baholab, G‘arbning yana bir ulkan g‘alabasi sifatida ta’riflagan. Ammo Yaponiyaning o‘zida ushbu deklaratsiya mutlaqo boshqacha talqin qilingan. Birinchidan, u 1946-yil 1-yanvardan keyin hech qayerda e’lon qilinmagan — belgilangan shartni bajargan Xiroxito va uning atrofidagilar sodir bo‘lgan voqeani unutishga intilgan.
Keyinchalik Xiroxitoning o‘zi ham ilohiy tabiatdan voz kechish “Ningen-sengen” deklaratsiyasining maqsadi emasligini aytgandi. Imperatorning so‘zlariga ko‘ra, deklaratsiya matni imperator Meydzining “Imperator qasamyodining besh bandi”dan to‘liq iqtibos keltirish bilan boshlangani sababli, asl maqsad Yaponiyaning Meydzi davrida allaqachon demokratik davlatga aylanganini va bunga muhtoj emasligini ko‘rsatish edi.
Yangi yilda inqilob uyushtirgan kubaliklar
1959-yil 1-yanvar kuni Fidel Kastro tarafdorlari Kubada hokimiyat tepasiga kelgandi. Tog‘larga joylashib olib, partizanlarni jangovar armiyaga aylantirgan Kastro orolning oldingi xo‘jayini — Fulxensio Batista diktaturasini ag‘dargan. O‘ziga xos yetakchi biror chet davlat yordamisiz g‘alabaga erishgandi.1959-yil yanvar boshida Kuba Batista — orol tarixidagi eng qattiqqo‘l rahbarning ag‘darilishini bayram qilgan. Hokimiyat tepasida yetti yil o‘tirgan Batista ko‘plab kubaliklarni o‘ziga qarshi qilib qo‘ygandi. Ziyoli qatlamni saylovlarning bekor qilinishi, qashshoqlarni esa jinoyatchilik, ishsizlik va Amerika mafiyasining kirib kelishi g‘azabga solgan. Biroq eng yomoni korrupsiya edi.
“Batista hech narsani sir tuta olmasdi. Yangi mehmonxonalar uning qarindoshlariga tegishli ekani va ular buni AQSHdan kelgan jinoyatchilar bilan birga boshqarishini hamma bilardi. Diktator yashirinishni umuman yomon ko‘rardi. Siyosiy raqiblarini u kechalari gumdon qilar edi. Kunduzi gazetalarda diktaturani tanqid qiluvchilar chiqish qilar, quyosh botganidan keyin esa Batistaning raqiblari yo‘qolib qolardi. Ular qayerga g‘oyib bo‘lgani borasida hech kimda shuhba ham bo‘lmasdi”, — deydi tarixchi Nikolay Platoshkin.
Batista davrida Gavanani “Lotin Amerikasining Las-Vegasi” deb atashgan. AQSHdan kiritilayotgan investitsiyalar ko‘ngilochar bizneslarni egallab olgandi. Amerikadan keluvchi jinoyatchilar jinsiy xizmatlar bozoriga pul tikkan. Qizlar ovi boshlangan: ular o‘g‘irlanib, fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlangan.
O‘ziga to‘q oiladan chiqqan, vazirning kuyovi bo‘lgan Fidel Kastro orol elitalari orasidan joy egallashi mumkin edi. Ammo u Batistaning 1952-yildagi davlat to‘ntarishini qabul qilmagan. Ikki siyosatchini o‘z qarashlari ajratib turardi: talabalar noroziliklari ishtirokchisi bo‘lgan Kastro yerlarni davlat hisobiga sotib olib, qashshoq dehqonlarga bo‘lib berish tarafdori bo‘lgan. Batista bo‘lsa har qanday ijtimoiy o‘zgarishni keskin qoralardi.
Bo‘lajak yetakchi o‘sha yilning martida davlat rahbarini birovning huquqini qonunga hilof ravishda tortib olishda ayblab, sudga bergan. Ushbu da’vodan biror natija chiqmasligi tayin edi, ammo kubaliklarning e’tibori Kastroga tushgan. Uning atrofida hokimiyatni ag‘darish tarafdorlari to‘plangan.
Inqilobchilar Kuba — bosh ko‘tarish yoqasida turganini va kim birinchi bo‘lib chiqish qiladigan jasur insonlarga muhtojligini bilardi. Isyon Monkada kazarmasiga hujumdan boshlanishi kerak edi — bu orqali Batistaning harbiy qudrati aslida yo‘q ekani namoyish etilgan. Shundan keyin orolning turli nuqtalarida shakllantirilgan maxfiy bo‘linmalar ishga tushirilgan. Birinchi isyon sharqiy Oriente provinsiyasida bo‘lishi kutilgan, ammo Kastroning tarafdorlari armiyaga yetarlicha baho bermagandi.
Inqilobchilarning “B” rejasi bo‘lmagan. Kastroning odamlari o‘zlari ustun bo‘lmagan jangga kirishgan. Ular harbiy kazarma binosiga kira olishmagan. Askarlarni qarshi hujumni boshlab, isyonchilarni quvib solgan. Inqilobchilar 60 a’zosidan ayrilib, “Siboney” fermasiga chekingan. U yerda yanada yomon xabar kutib turardi: shu kuni Bayamo shahridagi kazarmaga hujum uyushtirish rejasi ham omadsiz yakunlangan.
Fidel Kastro hamda uning tarafdolari tog‘larga chiqib ketib, Syerra-Maestraga borishni reja qilgan, ammo ular buni uddalay olmagan. Isyonchilar qo‘lga olingan, 1953-yil kuzida Kastro 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Ularning ikki nafarigina qamoqqa tashlangan: jamoatchilikning bosimi sabab inqilobchilar ozod etilgan.
Kastroning tarafdorlari Meksikada baza tuzib, kuchlarni Kubaga tashlash rejasini ishlab chiqqan — orol sekin-asta qaynoq nuqtaga aylanib borardi. Kastro tuzgan harakatga yana bir nechta qurolli guruhlar kelib qo‘shilgan. 1959-yil aprelda ulardan biri Matanase kazarmasiga hujum qiladi, biroq muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. O‘shanda harbiylar Batistaga qarshi fitna uyushtiradi.
Keyingi oylar davomida Batista qo‘shinlari va Kastro tarafdorlari o‘rtasida ko‘plab to‘qnashuvlar yuz bergan. Komandant rejimga qarshi boshqa guruhlar bilan ittifoq tuzgan. Harbiy harakatlarning muvaffaqiyatsizlikka uchrashi isyonchilar foydasiga ishlagan. Batistaning Syerra-Maestra ustidan nazoratni o‘rnatishga bo‘lgan urinishi yangi dushmlarni paydo qilgan.
Inqilobchilar uchun 1958-yil ikkita katta yutuqni olib kelgan. Qishda Fidel Kastroning ukasi Raul Syerra-del-Krristal tog‘lariga o‘tib, Ikkinchi frontni ochadi. Uchinchi front esa g‘arbda — Pinar-del-Rioda paydo bo‘lgan. Blokada taktikasi o‘zini oqlamasligini tushunib yetgan hukumat qo‘shinlari frontal hujumlarni boshlagan va omadsizlikka uchray boshlagan.
1958-yil 31-dekabr kuni Batista zudlik bilan Kubani tark etgan. 1-yanvar kuni inqilobchilar Santyagoga kirgan, 2-yanvar poytaxt Gavanani egallagan. Shunday qilib, orolning yangi tarixi boshlangan edi.
“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.