Shamoldek tez o‘tgan bolalik
AQShning 16-prezidenti bo‘lmish Avraam Linkoln mulkdor oilada tavallud topadi. Otasi Tomas Linkoln ikkita fermer xo‘jaligiga ega bo‘lib, ancha badavlat inson edi. Lekin keyinroq yerlarni qonuniy o‘zlashtirish bilan bog‘liq muammo sabab Tomas Linkoln bor davlatidan ayriladi va oila yangi yerlarga ega bo‘lish uchun Kentukkidan Indiana shtatiga ko‘chib o‘tadi. Yosh Avraam ulg‘ayishi bilan ro‘zg‘orga qarashish, turmush kamini to‘ldirish uchun bor hunarini ishga solib, ishlay boshlaydi.
1830-yil Linkolnlar yana ko‘ch-ko‘ronini yig‘ishtirib, qo‘shni Illinoys shtatining Nyu-Salem shahriga joylashadi. Nyu-Salemga yaqin bo‘lgan Missisipi daryosi bo‘ylab yuk tashish xizmatiga ishga kirgan Avraam Linkoln daryo orqali AQShning o‘sha paytdagi eng yirik shaharlaridan biri — Yangi Orleanga boradi. Bu yerda u ilk bor qul bozorini ko‘radi. Yosh Avraam ruhiyatida ko‘rganlari jiddiy iz qoldiradi va uning qullikka qarshi harakat a’zosiga aylanishiga turtki beradi.
Tez orada Avraam Illinoys shtati qonun chiqaruvchi organi saylovlarida qatnashadi va mag‘lub bo‘ladi. Mag‘lubiyatdan so‘ng pochta bo‘limiga ishga kirib, kitob va siyosiy gazetalarni o‘qishga mukkasidan ketadi. Keyingi saylovlarda g‘alaba qozongan Avraam o‘z qarashlariga mos keluvchi prinsiplarga ega Vigilar (Angliyada vujudga savdo-sanoat vakillari partiyasi, davomchisi — hozirgi Liberallar partiyasi) partiyasi safiga qo‘shiladi.
Siyosiy faoliyatning boshlanishi
Illinoys shtatining mahalliy qonun chiqaruvchi organiga saylangan Avraam Linkoln Vigilar partiyasi yetakchilari Henri Kley va Daniel Vebster ortidan ergashib, qullikka qarshi bong uradi. Vigi partiyasi qarashlarini qo‘llab-quvvatlab, qishloq xo‘jaligiga qaraganda savdo va shahar ishlab chiqarishi foydaliroq ekaniga diqqatni qaratadi (chunki bu davrda qishloq xo‘jaligida asosan qullar mehnatidan foydalanilar edi).Shtat poytaxti — Springfildga ko‘chib o‘tgan Linkoln huquq sohasini mustaqil o‘rganishni boshlaydi va 1836-yili advokatlik imtihonini topshirib, undan muvaffaqiyatli o‘tadi. Mahoratli notiq bo‘lgan Linkoln ko‘p sudlarda nochorlarni himoya qiladi va xizmati evaziga ulardan pul olmaydi. Illinoys shtatida abolitsionist (qullikka qarshi harakat ishtirokchisi) jurnalist o‘ldirib ketilgach, Linkoln Springfilddagi Yoshlar litseyida demokratik qadriyatlar va Konstitutsiya haqida birinchi ommaviy nutqini so‘zlaydi. Mahoratli nutqlari va qulchilikka qarshi keskin qarashlari sabab ushbu shtatda obro‘-e’tibor qozonadi.
1846-yili Kongressning Vakillar palatasiga saylangan Avraam Linkoln prezident Jeyms Noks Polkning Meksika bilan urushini qoralaydi. Bu urushda Meksika AQSh foydasiga o‘zining yarim hududidan ayriladi. AQSh qo‘shinlari hozirgi Nyu-Meksika, Kaliforniya, Arizona, Nevada va Yuta shtatlarini meksikaliklardan tortib oladi. Shu sabab ham amerikaliklar uchun bu urush faxrga aylanadi va unga qarshi chiqqan Avraam Linkoln obro‘si anchagina tushib ketadi. Natijada keyingi saylovlarda qatnashmaslikka qaror qilgan Linkoln Springfildga qaytib keladi.
Deputatlik yillari demokratik qarashlari shakllangan Linkoln ayollarga ham saylov huquqi berish tarafdori edi, shuningdek, qullikka qarshi bo‘lsa-da, buni ekstremal (tezkor) choralar bilan yo‘q qilishni ham yoqlamaydi. Sababi bunday harakat qulchilikka asoslangan shtatlarning keskin noroziligiga olib kelishi va ittifoq birligiga xavf solishi mumkin edi. Amerikalik vatanparvar sifatida Avraam Linkoln ittifoq yaxlitligini har qanday narsadan ustun qo‘yardi.
Vigilar partiyasi tarqala boshlagach, AQShdagi ko‘plab vigilar singari Avraam Linkoln ham yangi Respublikachilar partiyasiga qo‘shiladi. Siyosatdan biroz uzoqlashib, huquqshunoslik bilan faol shug‘ullana boshlaydi.
1854-yili Kongress endilikda qullikka doir masalani federal hukumat emas, har bir shtat o‘zi hal qilish haqidagi Kanzas-Nebraska qonunini qabul qiladi. Bundan qattiq norozi bo‘lgan Linkoln yana siyosatga qaytadi, chunki bu qonun janubiy shtatlarga qullikni qonuniy yo‘l bilan tasdiqlashga imkon berar edi. Linkoln buni ittifoq birligiga tahdid sifatida ko‘radi.
O‘sha yilning 6-oktabrida Linkoln omma oldida nutq so‘zlaydi va qullikning davom etishini qattiq qoralaydi. Qullikni AQSh Mustaqillik deklaratsiyasi qoidalarining buzilishi deb ataydi.
Kelasi yildagi saylovlarda Senatga nomzodini qo‘ygan Linkoln mag‘lubiyatga uchraydi. Shunday bo‘lsa-da, uning “bo‘lingan uy” haqidagi nutqi juda mashhur bo‘ladi va butun AQSh bo‘ylab tarqaladi. Bu nutqida u bir mamlakatda “yarim qullik va yarim erkinlik” holati davom etishi mumkin emasligini asoslab beradi.
Prezidentlik
1860-yili doimiy o‘tkir nutqlari sabab Respublikachilar partiyasi Avraam Linkolnni prezidentlikka nomzod etib ko‘rsatishga qaror qiladi. Ancha tajribali va obro‘li partiyadoshi, senator Uilyam Syuardni ortda qoldirib, Respublikachilar partiyasidan saylovlarda qatnashadi.Shu yili AQSh tarixida ilk bor 80 foizdan ko‘proq aholi saylovda qatnashadi. Amerika qullik tarafdorlari va unga qarshilar lageriga bo‘linadi. Janubiy shtatlar agar saylovlarda respublikachilar g‘alaba qozonsa, ittifoq tarkibidan chiqib ketish bilan tahdid qiladi.
Qullikka qarshi bo‘lgan shimoliy shtatlar Linkoln nomzodiga ovoz beradi. Qulchilik tarafdorlari ko‘p bo‘lgan janub esa ikkiga bo‘linadi. Demokratlar partiyasidan nomzodlar Stiven Duglas va Kebel Brekinridj, Konstitutsiyaviy ittifoq partiyasi nomzodi Jon Bell prezidentlik uchun kurashadi. Natijada qulchilik tarafdorlari ovozi uchga bo‘linganda, qullikka qarshilar yagona nomzod Avraam Linkolnga ovoz beradi va 1861-yil 4-mart kunidan Linkoln AQShning o‘n oltinchi prezidentiga aylanadi.
Avraam Linkoln qulchilikka qarshi bo‘lgan Respublikachilar partiyasidan prezidentga aylangan ilk nomzod edi. Uning prezidentlikka saylanishi AQShda uzoq yillardan beri davom etayotgan kurashda nihoyat qulchilikka qarshilarning g‘alabasini anglatardi.
Fuqarolar urushi
Avraam Linkoln hali rasmiy inauguratsiya marosimini o‘tkazmasidan 7 janubiy shtat (Janubiy Karolina, Missisipi, Florida, Alabama, Jorjiya, Luiziana, Texas) AQSh tarkibidan ajralib chiqqanini va yangi Amerika konfederativ shtatlari respublikasini tuzganini e’lon qiladi. Konfederatsiya poytaxti etib Alabama shtati markazi Richmond shahri tanlanadi va Devis Jefferson konfederatsiya prezidentiga aylanadi.Amaldagi prezident Jeyms Byukenen va saylangan prezident Linkoln ushbu ajralib chiqishni qoralaydi hamda Konfederatsiyani tan olishdan bosh tortadi.
Inauguratsiya marosimida nutq so‘zlagan Linkoln janubiy shtatlarning ichki ishlariga aralashish niyati yo‘qligini bildiradi va shu yo‘l bilan bo‘linishning oldini olishga urinadi. Biroq ajralish allaqachon sodir bo‘lgandi. Kongressdagi janubiy shtatlar vakillari parlamentni tark etadi, Konfederatsiya qo‘shini esa jangovar tayyorgarlikni kuchaytiradi. Shundan so‘ng, Linkoln federal hukumatdagi lavozimlarning 80 foizini Respublikachilar partiyasidan tayinlaydi.
Urush 1861-yil 12-aprel kuni janubliklarning Janubiy Karolinadagi federal qal’a — fort Samterga uyushtirgan hujumidan so‘ng boshlanadi. Avraam Linkoln bunga javoban janubiy shtatlarni qo‘zg‘olonchi deb ataydi va armiyaga chaqiruv e’lon qiladi. Tez orada shimol armiyasiga 75 ming ko‘ngilli kelib qo‘shiladi. Federal hukumatning tezkor g‘alaba bo‘yicha rejalarini Manassasa shahri yaqinidagi mag‘lubiyat barbod etadi. Anchadan beri urushga tayyorlangan janub qo‘shini shimolliklar harbiy va iqtisodiy tizimni yo‘lga qo‘ymasidan turib, ularni yakson qilishga harakat qiladi.
Buyuk Britaniya va Fransiya bu urushda janubni qo‘llab-quvvatlasa, Rossiya urush davomida shimolliklarga qurol-yarog‘ va o‘q-dori yetkazib berib turadi.
Linkoln general Jorj Brinton Maklellanni federal qo‘shinlar bosh qo‘mondoni etib tayinlaydi. Shu yili bir necha janglarda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, janubliklar umumiy manzarada shimolni qiyin ahvolga solib qo‘yadi. Linkoln qullikni bekor qilishga shoshilmaydi. U o‘z intervyusida agar qullik ittifoqni saqlab qolsa, uni bekor qilmaslikka tayyorligini bildiradi.
Nihoyat 1862-yilning sentabrida bo‘lib o‘tgan Antetam jangidagi shimol g‘alabasidan so‘ng Linkoln qullikni butunlay bekor qilishga jazm qiladi. Bu jangda shimolliklar general Edvard Li boshchiligida janub qo‘shinini butunlay tor-mor etishi mumkin edi, biroq Bosh qo‘mondon Jorj Maklellan Linkolnning buyrug‘iga qaramay ta’qibni davom ettirmaydi. Shundan so‘ng Linkoln Maklellanni bosh qo‘mondon vazifasidan ozod qiladi va general Uliss Grantni bu lavozimga tayinlaydi.
30-dekabr kuni Linkoln qo‘zg‘olonchi hududlardagi (shimoliy shtatlarda qullik allaqachon bekor qilingandi) qullarning bu zanjirdan abadiy xalos bo‘lishini e’lon qiladi va “Qullikni bekor qilish bo‘yicha murojaat”ga imzo chekadi. Ushbu qonun natijasida AQSh Konstitutsiyasiga O‘n uchinchi tuzatish kiritiladi va mamlakatda qullik butunlay bekor qilinadi. Bu esa Linkolnning ichki va xalqaro darajada obro‘si oshishiga olib keladi. Shu paytgacha janubni qo‘llab kelayotgan Buyuk Britaniya ichki noroziliklar sabab AQShga qarshi intervensiyalarni to‘xtatadi. Shuningdek, bu qonun shimol armiyasiga qora tanlilarni jalb qilish imkonini beradi.
Linkoln shu yili Homestead Act’ini qabul qiladi. Bu qonun Konfederatsiya tarafida turib kurashmaganlarga mamlakat g‘arbidagi bo‘sh yotgan hududlardan arzon narxga katta yerlar berishni nazarda tutadi. Homestead qonuni Linkolnning keng omma tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga olib keladi.
Har ikki tomondan ellik mingdan ko‘proq askar halok bo‘lgan Gettisberg jangidan so‘ng shimolning g‘alabasi aniq bo‘lib qoladi. Jangda halok bo‘lganlar xotirasiga bunyod etilgan Gettisberg milliy qabristonining tantanali ochilish marosimida nutq so‘zlagan Avraam Linkoln o‘zining mohir notiqligini yana bir bor ko‘rsatadi:
“Biz bugun bu urush(fuqarolar urushi)ning buyuk jangi kechgan maydonda to‘plandik. Biz shu xalq hayoti uchun jonini qurbon qilganlarning so‘nggi oromgohini muqaddas qilish uchun keldik. Va ular bunga munosibdir.
Dunyo bu yerda aytgan gaplarimizni deyarli eshitmaydi va uzoq vaqt eslamaydi, lekin ularning bu yerda qilingan ishlarini hech qachon unutmaydi. Keling, biz tiriklar shu zaminda halok bo‘lganlarning tugallanmagan ishini oxiriga yetkazaylik. Bevaqt halok bo‘lganlar behuda o‘lib ketmaganini isbotlaylik. Bu xalq Xudoning qanoti ostida yangicha ozodlikka ega bo‘ladi!”
Gettisberg nutqi AQSh tarixidagi eng mashhur murojaatlardandir.
1864-yilgi prezident saylovlariga o‘z nomzodini qo‘ygan Linkoln prezidentlik uchun o‘zining sobiq qo‘mondoni Jorj Maklellan bilan kurash olib boradi. Bu paytda shimollik general Uilyam Shermanning janubliklar uchun juda muhim shahar — Atlantani egallashi saylov natijalarini amalda hal qiladi. 233 uch saylovchining 211 nafari Linkoln uchun ovoz beradi va u ikkinchi muddatga saylanadi.
1865-yil 2-aprelda general Uliss Grant Konfederatsiya poytaxti Richmond shahrini egallaydi va 9-aprel kuni general Edvard Li taslim bo‘lishi bilan AQShda Fuqarolar urushi o‘z yakuniga yetadi. Avraam Linkoln inson huquqlari himoyachisi va ittifoq birligini saqlab qolgan inson sifatida juda katta hurmat qozonadi.
So‘nggi spektakl
Urush tugagach Avraam Linkoln janubda qayta qurish boshlanishini va janubning qora tanli aholisi AQSh fuqaroligiga olinishini e’lon qiladi.Oradan olti kun o‘tgach, Iso Masihning o‘limi va uni xotirlashga bag‘ishlangan Muqaddas haftaning juma kunida AQSh prezidenti, amaldorlari Vashingtondagi Ford teatriga tashrif buyuradi. Teatrda “Mening amerikalik amakivachcham” komedik spektakli namoyish etiladi. Spektaklning eng kulgili qismlaridan birida AQSh prezidentning lojasiga virjiniyalik aktyor, aslida janubliklar josusi bo‘lgan Jon Uilks But kiradi va prezidentning boshiga orqa tomondan o‘q uzadi. Linkolnni darhol teatr ro‘parasidagi pansionatga olib borishadi, ammo AQShning buyuk prezidenti qayta hushiga kelmaydi va 16-aprel kuni tongda vafot etadi.
Aslida o‘sha kuni Linkolndan tashqari vitse-prezident Endryu Jonson va davlat kotibi (tashqi ishlar vaziri) Genri Syuard (ikki ehtimoliy voris) hayotiga ham suiqasd uyushtirilishi kerak edi. Qotillar Syuardga og‘ir jarohat yetkazishga muvaffaq bo‘ladi, ammo vitse-prezident hech qanday zarar ko‘rmaydi. But qochib ketishga muvaffaq bo‘ladi, lekin 26-aprel kuni Virjiniyada qo‘lga olinadi va otib tashlanadi. Fitnaning boshqa a’zolari esa qo‘lga olinib, osib o‘ldirishga hukm qilinadi.
Avraam Linkoln bilan birga uning uch yil oldin vafot etgan o‘g‘li Uilyam Linkolnning jasadi Vashingtondan Springfildga poyezdda olib ketiladi. Millionlab qora va oq tanli amerikaliklar ikki haftalik masofada o‘zlarining buyuk prezidenti bilan so‘nggi bor xayrlashish va unga hurmat bajo keltirish yo‘l bo‘yiga chiqadi.
Avraam Linkolnning vafoti mamlakatda boshlangan qora tanlilar tengligi harakatini to‘xtatib qo‘yadi. Keyingi prezident Endryu Jonson Linkoln siyosatini davom ettirmaydi va AQShning qora tanli aholisi faqatgina 1964-yilga kelib haqiqiy tenglikka erishadi.
Avraam Linkoln Amerika xalqi xotirasida tarixiy shaxs bo‘lib, AQShning butunlay qulashiga to‘sqinlik qilgan, Amerika millatining shakllanishi va mamlakat taraqqiyotiga asosiy to‘siq bo‘lgan qullikni bekor qilishga katta hissa qo‘shgan insondir. Amerika xalqi minnatdorlik belgisi sifatida Janubiy Dakota shtatidagi Amerika Qo‘shma Shtatlarining tarixiy rivojlanishini belgilab bergan to‘rt prezident safida Avraam Linkolnga ham yodgorlik o‘rnatadi. Shuningdek, afsonaviy prezident nomiga Vashingtonda alohida yodgorlik binosi ham ochiladi.
Hozirgi kunda Avraam Linkoln tavallud topgan kun birinchi prezident Jorj Vashington tavalludi bilan birgalikda (Vashington 22-fevralda tug‘ilgan) fevral oyi uchinchi haftasining dushanbasiga to‘g‘ri keluvchi Prezident kunida nishonlanadi.
Izoh (0)