Bosfor va Dardanell bo‘g‘ozlari orqali neft olib o‘tish uchun ruxsat berilishini kutib turgan tankerlar (suyuq va yarim suyuq mahsulotlar tashiydigan kemalar) safi kamaya boshladi, deb xabar bermoqda Bloomberg kemachilik sohasidagi turk amaldoriga tayanib.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, 10-dekabrda Turkiya bo‘g‘ozlaridan o‘tish uchun 27 ta tanker navbatda turgan bo‘lsa, bir sutkadan keyin ularning soni 19 tagacha qisqargan.
Ko‘pchiligiga Qozog‘iston nefti ortilgan tankerlardan iborat tirbandlik Turkiyaning ushbu tankerlar sug‘urta qilinganini tasdiqlovchi ma’lumotnoma talab qilgani tufayli yuzaga kelgandi. 10-dekabr kuni u sug‘urta kompaniyalariga shunday xat namunasini yuborgan, bu esa murosaga kelinganini taxmin qilish uchun asos beradi, deb yozadi Bloomberg.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya hududiy suvlarida 5-dekabr kuni kun davomida 19 ta neft tankerlaridan iborat tirbandlik yuzaga keldi, kemalar Rossiya neftiga nisbatan narx chegarasi kuchga kirgach, Bosfor va Dardanell bo‘g‘ozlari reydlarida langar tashlab to‘xtagan. G‘arb davlatlari Turkiyani Qora dengiz orqali neft yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yganlikda aybladi. Tirbandlikda qolgan 20 ga yaqin tankerdan 19 tasi Qozog‘istondan neft olib ketmoqda. Biroq, na tankerlar, na ularning yuklari neft narxining yuqori chegarasiga aloqador emas va bu ularning sug‘urta holatida hech qanday o‘zgarish bo‘lmasligini ta’minlaydi. Neft yetkazib berishning kechikishi narx cheklovlari bilan emas, balki Anqaraning harakatlariga bog‘liq. Turkiya qirg‘oqlari yaqinida turgan kemalardagi neftning katta qismi asli Qozog‘istondan kelgan. Qozog‘iston nefti Rossiyaga quvur orqali kelib tushadi va G‘arb sanksiyalari ta’siriga uchramaydi. 5-dekabr kuni Yevroittifoqning Rossiyadan neft yetkazilishiga nisbatan embargo joriy qilish haqidagi qarori kuchga kirdi, u dengiz orqali tashib keltirilayotgan neft uchun narx chegarasini belgilash mexanizmini ko‘zda tutadi. Rossiya neftiga nisbatan narx chegarasi 60 dollar deb belgilandi, uni kelajakda o‘zgartirish imkoniyati mavjud. Qabul qilingan cheklovlar Rossiya neftini dengiz orqali tashish bilan bog‘liq xizmatlarning keng assortimentiga tegishlidir.