Amerikaning Orion uchuvchisiz kosmik kemasi kapsulasi Tinch okeaniga muvaffaqiyatli qo‘ndi, deb xabar beradi NASA.
Splashdown.
— NASA (@NASA) December 11, 2022
After traveling 1.4 million miles through space, orbiting the Moon, and collecting data that will prepare us to send astronauts on future #Artemis missions, the @NASA_Orion spacecraft is home. pic.twitter.com/ORxCtGa9v7
Qo‘nish Meksikaning Quyi Kaliforniya shtati qirg‘oqlaridan g‘arbda joylashgan Gvadalupe oroli yaqinida odatiy rejimda amalga oshdi. Kapsulani AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining “Portlend” kemasi olib ketadi.
Bortida uchta maneken bo‘lgan Orion kemasi 16-noyabr kuni Amerikaning “Artemida” dasturi doirasida uchirilgandi. 25 kundan buyon davom etayotgan missiya mobaynida Orion Oyni ikki marta aylanib uchdi. Kema ichida tirik jonzotlar yo‘q — unda faqat manekenlar bo‘lib, ular ekipajning bo‘lg‘usi a’zolari uchun ma’lumotlar qayd etib boladi. Bu bortida odamlar bo‘lmagan kemaning birinchi marta uchirib sinalishidir.
“Artemida” missiyasi AQSH Oy dasturining birinchi bosqichi bo‘lib, maqsadi odamlarni Oyga tushirishdan iborat. Ikkinchi bosqichda Oyni bortida ekipaji bo‘lgan kema aylanib uchishi ko‘zda tutilgan. Uchinchi bosqich — odamlarni Oyga yetkazish — 2024-yilga rejalashtirilgan.
Avvalroq NASA vakili 2030-yilga kelib, astronavtlar Oyda yashaydigan va ishlaydigan bo‘lishini ma’lum qilgan edi. Govard Xuning aytishicha, NASA Orion kemasi yordamida odamlarni Oyga tushirish imkonini beruvchi uzoq muddatli dastur ishlab chiqmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar “Artemida”ning joriy parvozi muvaffaqiyatli kechsa, unda keyingi parvoz ekipaj ishtirokida bo‘ladi. Undan keyin esa uchinchi parvoz uyushtirilib, uning doirasida astronavtlar bundan 50 yil avval — 1972-yil dekabrida “Apollon-17” kemasi parvozidan keyin birinchi marta yana Oyga qo‘nadi.