Bugun, 12-dekabr kuni Toshkent shahrida “Ipoteka bank”dagi davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha shartnomani imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev nutq so‘zlab, O‘zbekiston banki birinchi marta xorijiy kompaniyaga sotilganini aytdi.
Vengriyaning OTP bankining O‘zbekistonga kirib kelishi raqamlashtirish, bank xizmatlari sifatini yanada oshirishiga ishonamiz. Qolaversa, bu kelishuv ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantiradi. Birinchi marta xorijiy bank O‘zbekiston bankini sotib olmoqda.“Ipoteka bank” O‘zbekistondagi beshinchi yirik bank bo‘lib, umumiy bozorning 8,5 foizini tashkil etadi va 1,6 milliondan ortiq mijozga ega.
Tadbirda OTP banki boshqaruv raisi Shandor Chanyi uzoq muddatli maqsad OTP Group’ni O‘zbekiston bank bozorining asosiy ishtirokchisiga aylantirish ekanini aytdi.
“Ipoteka bank” ATB boshqaruvi raisi Elyor Inomjonov bank sotilgan narxni ochiqlashni istamadi. Uning aytishicha, shartnoma yakunlansa, umumiy narx aytiladi.
“Birinchi bosqichda bankning 75 foiz davlat ulushi sotiladi. Qolgan 25 foizi 3 yil davomida Moliya vazirligi qo‘lida qoladi. Yakunda qolgan 25 foiz ham OTP bankka o‘tadi”, — dedi u.Ma’lum qilinishicha, 2020-yil oxiridan boshlab OTP bank O‘zbekiston hukumati bilan O‘zbekistonda bank sektorini xususiylashtirishda ishtirok etish imkoniyatlari bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. 2021-yilning kuzidagi muzokaralarda tomonlar “Ipoteka bank”ni sotib olish imkoniyati bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan bo‘lsa, bugun oldi-sotdi shartnomasini imzoladi.