“Tolibon” harakati yetakchisi Haybatulla Oxunzoda sudyalarga islom qonunlarining omma oldida qatl qilish, toshbo‘ron qilish, kaltaklash va o‘g‘rilarni oyoq-qo‘llarini kesish kabi jihatlarini to‘liq tatbiq etishni buyurdi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
“Tolibon” matbuot kotibi Zabihulla Mujohid Twitter sahifasida Oxunzodaning “majburiy” buyrug‘i bir guruh qozilar bilan uchrashganidan keyin e’lon qilinganini yozdi. Oxunzoda farmoyishlarini Qandahordan turib e’lon qilmoqda. “Tolibon” 1996-2001 yillar hokimiyatdagi ilk davrlarini tavsiflovchi qattiq boshqaruvning yumshoqroq versiyasini va‘da qilgandi, lekin asta-sekin huquq va erkinliklarni siqib chiqardi.
“O‘g‘rilar va fitnachilarning qanday jinoyat sodir etganini diqqat bilan o‘rganing. Shariat qonunlarini bajarishga majbursiz. Bu shariat hukmi va mening amrim farzdir”, — deydi Oxunzoda.
Eslatib o‘tamiz, Afg‘onistonda “Tolibon”ning ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish bo‘yicha adminstratsiyasi vakili unga turmushga chiqishdan bosh tortgan o‘smir qizni o‘ldirgandi. Bu ma’lumotni “Tolibon” hukumati vakillari ham tasdiqlagan. Ularning ta’kidlashicha, erkak hibsga olingan, u hozir qamoqda. Shu bilan birga, Hasht-e Subh Daily nashri mulla allaqachon qo‘yib yuborilgani haqida yozdi.
Izoh (0)