Qozog‘istonning Qarag‘andi viloyati Shaxtinsk shahrida joylashgan “ArselorMittal Temirtau” konida gaz otilib chiqishi yuz berdi. Oqibatda to‘rt nafar ishchi halok bo‘ldi, deb yozadi Tengrinews Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiy vakili Rustam Imankulovga tayanib. Keyinroq beshinchi ishchining jasadi topilgani ma’lum qilindi. Shu tariqa, qurbonlar soni besh kishiga yetdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 3-noyabr kuni soat taxminan 3 larda “ArselorMittal Temirtau” AJ konida gaz-drenaj quduqlarini burg‘ulash chog‘ida to‘satdan gaz otilib chiqishi sodir bo‘ldi, bu 5 ishchining o‘limiga olib keldi. To‘rt kishi kasalxonaga yotqizilgan.
Shuningdek, 106 nafar ishchi evakuatsiya qilingan.
Qarag‘andi viloyati politsiyasi kondagi favqulodda holat yuzasidan surishtiruv boshladi, jinoyat ishi ochildi. Voqea joyida tergov-tezkor guruhlar ishlamoqda.
Shuningdek, konga viloyat hokimi Jenis Kasimbek, shahar rahbari, kompaniya rahbariyati ham yetib borgan. Qutqaruv xizmati ish olib bormoqda.
Hodisa yuz bergan vaqtda konda 106 ishchi bo‘lgan, shularning 101 nafari yer yuzasiga chiqqan, 5 kishi esa (ular konga tushirish va chiqarish mexanizmini boshqaruvchi ishchilar bo‘lgan) kon liftlarini ishlatib turish uchun qolgan. Ularning to‘rt nafari tiriklik belgilarisiz topilgan, yana bir kishi bedarak yo‘qolgan. Keyinroq uning jasadi ham topilgan.
Izoh (0)