Toshkent viloyatida yer oldi-sotdisi bilan bog‘liq jinoyat fosh etildi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro G.K.ning IIV Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish bo‘limiga qilgan murojaatiga asosan, Bosh prokuratura hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Aniqlanishicha, R.Yu. Zangiota tumani hokimining 2012-yildagi qarori bilan “O‘rtasaroy” mahallasi hududidagi fuqaro S.Yu.ga 30 yil muddatga ijara asosida ajratilgan jami 1 gektar lalmi yer maydonini 80 ming dollarga sotishga hamda hokimiyat tizimidagi mansabdor tanishlari orqali tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berishga va’da bergan. Kelishilgan pullardan 10 ming dollarni ariza muallifidan firibgarlik yo‘li bilan olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan R.Yu.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)