Rossiyaning Belgorod viloyati qishloqlaridan birida temiryo‘l vokzali hududi snaryadlar bilan o‘qqa tutildi. Oqibatda poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov ma’lum qildi. Uning aytishicha, bir kishi jarohatlangan, aloqa tarmog‘iga zarar yetgan. Avariya brigadalari hozirda otishma oqibatlarini bartaraf etmoqda.
Shu orada, qo‘shni Kursk viloyati gubernatori Roman Startovoyt Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan Ukraina bilan chegaradosh hududlardagi Tetkino posyolkasi va Popovo-Lejachi qishlog‘i o‘qqa tutilgani haqida ma’lum qildi. Unga ko‘ra, viloyatda elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda. Ehtimoliy qurbonlar va vayronalar haqida hozircha ma’lumot olinmagan.
Ukrainada Rossiya bosqini boshlanganidan so‘ng, Rossiyaning chegara hududlarida terrorchilik tahdidining “sariq” darajasi joriy etilgandi. So‘nggi kunlarda Rossiyaning Ukraina shaharlariga raketa hujumlari fonida Belgorod viloyati hududi muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda. 13-oktabr kuni Belgorodda havo hujumidan mudofaa raketasi qulashi oqibatida ko‘p qavatli uy tomining bir qismi qulab tushgandi. 14-kuni shaharda o‘qqa tutilib elektr podstansiyasi, 15-kuni esa neftbazasi yonib ketdi.
Izoh (0)