Germaniyada energiya inqirozi tufayli tez orada shifoxonalar yopilishi mumkin, dedi Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri Karl Lauterbax RND nashriga bergan intervyusida.
Vazir Rossiya energetika resurslarining yetkazib berilishidagi uzilishlar tufayli yuzaga kelgan muammolar barcha ijtimoiy obyektlar, jumladan, shifoxonalarni xavf ostiga qo‘yishi mumkinligini ta’kidladi.
“Agar tez va keskin tarzda javob bermasak, shifoxonalar yopiladi”, — dedi u.
Lauterbaxning ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 va 2023-yillarda ijtimoiy sohani moliyalashtirishdagi bo‘shliq taxminan 15 milliard yevroni tashkil qiladi. Bunday sharoitda davlat barcha muhtoj korxona va tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlay olmaydi, deb ta’kidladi vazir.
Rossiyaning Ukrainadagi bosqini boshlanganidan keyin Yevropaga Rossiya gazini yetkazib berish qisqardi. Bahorda Yevropaning ba’zi davlatlari gaz uchun rublda haq to‘lashdan bosh tortgan, boshqalari esa Germaniyaga asosiy eksport yo‘nalishi bo‘lgan “Shimoliy oqim 1” quvuri orqali gaz yetkazib berishning to‘xtatilishi va qisqarishi natijasida yonilg‘ini olishni to‘xtatgan.
Izoh (0)