Navoiy shahridagi beshinchi mintaqaviy hudud 4-son jazoni ijro etish koloniyasida mahkum vahshiylarcha o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat prokuraturasi holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Aniqlanishicha, mahkum M.O. 7-oktabr kuni soat taxminan 01:35 larda koloniya intizomiy bo‘linmasining 2-hujrasida o‘zining kiyimidan arqon yasab, yotish uchun mo‘ljallangan o‘rin joyidagi karovat temiriga o‘zini osib, o‘z joniga qasd qilgan.
Mahkum M.O 2018-yilning 30-avgustida jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 2-qismi “l” bandi, 60, 61-moddalari bilan aybdor deb topilib, 15 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. (Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan muqaddam 4 marotaba sudlangan.)
Qayd etilishicha, holat yuzasidan Navoiy maxsus prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilayotgan bo‘lib, sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.
Izoh (0)