Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda u Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi.
Uning yozishicha, Qozog‘iston prezidenti taklifiga binoan Ostonaga tashrif buyurib, 26—27-oktabr kunlari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari uchrashuvida ishtirok etadi. 28-oktabrda esa O‘zbekistonga kelib, Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazadi.
“Yevropa kengashi Markaziy Osiyo bilan aloqalarni chuqurlashtirishga va mintaqaviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga tayyor”, — deb ta’kidlagan Sharl Mishel.
Sharl Mishel Shavkat Mirziyoyev bilan so‘nggi marta 4-iyul kuni telefon orqali muloqot qilgandi. Suhbat davomida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Izoh (0)