So‘nggi yillarda O‘zbekistonda turizm milliy iqtisodiyotning “o‘sish nuqtalaridan” biriga aylandi. Bu haqda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar universiteti ma’lumot bermoqda.
U turizmga aloqador boshqa tarmoqlarni rivojlantirish uchun drayver bo‘lib, yuqori multiplikativ ta’siri bilan daromadlarning ortishiga xizmat qiladi. Turizm O‘zbekiston sharoitida yangi ish o‘rinlarini tashkil etishda muhim omil hisoblanadi.
Uch yil ichida sayyohlar soni 2,5 baravar oshdi. Agar 2017-yilda ularning soni 2,7 million nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2019-yilda 6,7 million nafarga yetdi.
2020-yilda pandemiya tufayli 1,5 million, 2021-yilda esa qariyb 1,9 million xorijiy sayyoh kelishga muvaffaq bo‘ldi.
Turizm xizmatlari eksporti 2020-yilda 370 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2021-yilda ushbu ko‘rsatkich 15,1 foiz oshib — 422,1 million dollarni tashkil etdi.
2022-yilda jami 4,5 million sayyohning kelishi, buning hisobiga turizm xizmatlari eksporti sezilarli darajada oshishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda turizm sohasining jadal tiklanishida ijobiy tendensiyalar kuzatilmoqda. Ayni paytda mamlakat chet el sayohatlari uchun butunlay ochiq. Barcha sayohat cheklovlari olib tashlandi. Pandemiyadan keyin ichki turizmni tiklash va aholining tizimli sayohatlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.
Izoh (0)