Eron Rossiyaga Ukrainadagi janglarda foydalanish uchun hujumchi dronlarning birinchi partiyasini topshirdi, deb yozmoqda The Washington Post.
AQSH prezidenti ma’muriyatidagi CNN manbalari ham Rossiya Eron dronlarining partiyasini olganiga va ulardan jang maydonida foydalanishi mumkinligiga ishonmoqda. Avvalroq telekanal Rossiya harbiylari Shahed-191 va Shahed-129 dronlarini boshqarishga o‘rgatilgani haqida xabar bergan edi.
WP suhbatdoshlarining fikricha, avgust oyida topshirilgan dronlar kelishuvning faqat birinchi qismi va umumiy hisobda Tehron Moskvaga har xil turdagi bir necha yuzlab dronlar yetkazib bermoqchi.
Shu bilan birga, gazeta manbalarining ta’kidlashicha, Rossiya harbiylari tomonidan o‘tkazilgan birinchi sinovlar davomida Eron dronlari bir necha bor muvaffaqiyatsizlikka uchragan, shu sababli “rossiyaliklarning undan ko‘ngli to‘lmagan”.
Avval Tehron Moskvaga dronlar yetkazib berilishini rad etib, bunday xabarlarni asossiz deb atagandi. Kreml esa bu mavzuga izoh berishdan bosh tortgan.
Izoh (0)