O‘zbekiston elchisi Javlon Vahobovning Braziliya shahriga tashrifi davomida 23-avgust kuni Braziliya ta’lim vazirining oliy ta’lim masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Vilas Boas de Soza bilan muzokaralar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Qayd etilishicha, uchrashuv davomida mamlakatimizda kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, sohaga ilg‘or chet el tajribasini jalb etish, raqobat muhitini rivojlantirish, oliy o‘quv yurtlarining sonini oshishi va sifat jihatdan yaxshilanishi, oliy ta’lim muassasalari talabalari sonini sezilarli darajada oshirish borasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning asosiy natijalari haqidagi batafsil ma’lumotlar Braziliya tomoniga taqdim etilgan.
Vilas Boas de Soza O‘zbekiston va Braziliya ta’lim sohasida mushtarak maqsadlarni ko‘zlashini, uning sifatini oshirishda tajriba almashish lozimligi hamda talaba va o‘qituvchilarning muntazam almashuvini yo‘lga qo‘yish kerakligini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda 2,4 mingta oliy o‘quv yurti faoliyat ko‘rsatib, ularda 8 million talaba tahsil oladi. Aytilishicha, 69 federal universitet davlat qaramog‘ida bo‘lib, ularda jami 1,3 million talaba bilim olmoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda, mazkur vazirlik Braziliya Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda “PEG-G” nomli dastur ishlab chiqqan bo‘lib, uning asosiy maqsadi mamlakatda chet ellik talabalar sonini oshirishdan iborat. Ushbu dasturning muvaffaqiyatli ishtirokchilari o‘qish to‘lovidan ozod etiladi, turar joy va stipendiya bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, vazirlik chet ellik talabalarning Braziliyada o‘qishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro grantlar dasturini yanada kengaytirish ustida ish olib bormoqda. Shu maqsadda 27 ta oliy o‘quv yurtida universitetga kirish imtihonlariga tayyorgarlik bo‘yicha 69 ta kurs tashkil etilgan.
Bundan tashqari, Vilas Boas de Soza Braziliya O‘zbekiston yoshlari uchun portugal tili kurslarini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqishga tayyorligini ham ma’lum qilgan.
Izoh (0)