Toshkentning Yunusobod tumanida o‘ta xavfli bo‘lgan kuydirgi kasalligi aniqlangani haqida xabarlar tarqalgandi. Sanitariya-epidemiologiya xizmati bu ma’lumotni rad etdi.
Ma’lum qilinishicha, poytaxtda 1—20-avgust kunlari “Kuydirgi kasalligini tabiiy o‘choqlaridan kelib chiqishi va tarqalishini oldini olish” mavzusida ko‘rgazmali maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazish rejalashtirilgan. Ushbu buyruqning ijrosini ta’minlash maqsadida 16-avgust kuni SEO va JSXning Toshkent shahar boshqarmasi va tuman bo‘limlari, Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Toshkent shahar SSBB va shahar veterinariya boshqarmasi bilan hamkorlikda Uchtepa tumanining 26-sonli oilaviy poliklinika qoshida Toshkent shahar DPMlari tibbiyot xodimlari va sanitariya epidemiologiya xizmati mutaxassislarini kuydirgi kasalligi bo‘yicha bilim saviyasi va amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida ko‘rgazmali maxsus taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi.
Ushbu o‘quv mashqida 81 nafardan ortiq soha mutaxassislari qatnashdi. Ularga kuydirgi kasalligining oldini olish yuzasidan eslatmalar tarqatilgan.
2022-yil 18-avgust kuni “Yoshlar” telekanalining “Yangi davr” informatsion dasturida ham ushbu taktik-o‘quv mashqi yuzasidan lavha namoyish etilgan. Lavhada soha mutaxassisi tomonidan berilgan intervyuda kuydirgi kasalligining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlari va shahardagi epidemik vaziyat yuzasidan ma’lumot berilgan.
Lavhada epidemiolog Lola Umarova 2021-yilda 30 nafar fuqaroda kuydirgi kasalligi gumon qilinib, shulardan 10 nafarida kasallik tasdiqlangani, 2022-yil boshidan beri hozirgi kunga qadar 10 kishida kuydirgi kasalligi gumon qilinib, bir nafari — Yunusobod tumanida yashovchi fuqaroda kasallik tasdiqlanganini aytib o‘tgan.
“Mazkur ma’lumot o‘quv-taktik mashg‘ulot uchun berilganligini, joriy yilda Toshkent shahrida kuydirgi kasalligi qayd etilmaganini ma’lum qilamiz”, — deyiladi Sanitariya-epidemiologiya xizmati matbuot xizmatining ushbu ma’lumot yuzasidan bergan raddiyasida.
Mavzuga doir:
Izoh (0)