“Gazprom”ning “Shimoliy oqim” gaz quvuri orqali Yevropaga gaz yetkazib berish hajmi pasayishda davom etyapti. Bu haqda “Kommersant” xabar bermoqda.
Yevropada gaz narxi o‘sishda davom etmoqda va 16-avgustda ming kub metr uchun 2,6 ming dollarga yetdi.
“Gazprom”ning o‘zi qishda narxlar ming kubometr uchun 4 ming dollargacha ko‘tarilib, yangi mutlaq rekord o‘rnatishi mumkinligini ma’lum qildi.
“Gazprom”ning 2022-yilning yetti yarim oyi davomida MDHdan tashqari davlatlarga eksporti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 36,2 foizga kamayib, 78,5 milliard kub metr gazni tashkil qildi.
Kompaniyaning aniqlik kiritishicha, uzoq muddatli shartnoma asosida Xitoyga “Sibir qudrati” gaz quvuri orqali yetkazib berish hajmi ortib bormoqda.
Bu davrda “Gazprom”ning ishlab chiqarish hajmi 13,2 foizga, ya’ni 274,8 milliard kub metrgacha, ichki gazga bo‘lgan talab esa 2,3 foizga kamaydi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, avgust oyining birinchi yarmida Yevropaga gaz yetkazib berish iyul oyining birinchi yarmiga nisbatan biroz oshdi — iyulning birinchi 15 kunidagi 3 milliard kub metrga nisbatan 3,2 milliard kub metrgacha.
Narxlar keskin o‘sishining asosiy sabablaridan biri Rossiyadan Yevropaga olib boradigan asosiy yo‘nalish — “Shimoliy oqim” gaz quvuri bo‘ylab yetkazib berishning keskin qisqarishi bo‘lib, u maksimal quvvatining atigi 20 foizida ishlamoqda.
Bundan tashqari, Yevropadagi vaziyat olti oy ichida eng past darajada bo‘lgan LNG (suyultirilgan gaz) yetkazib berishning qisqarishi bilan yanada murakkablashdi.
Izoh (0)