Tojikiston 2022-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga 17,3 million dollar miqdorida 6,6 ming tonnadan ortiq paxta eksport qildi. Bu haqda Tojikiston bojxona xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, bu 2021-yilning mos davriga nisbatan (5,3 million dollar) deyarli 3,3 barobar ko‘p hisoblanadi.
Mamlakatlar o‘rtasidagi umumiy tovar ayirboshlash hajmi 285 million dollardan ortiqni tashkil etgan. Jumladan, eksport qariyb 96 million dollar, import 189 million dollardan ortiq. 2022-yilning yanvar–iyun oylarida Tojikistonning O‘zbekistonga eksport qilinadigan asosiy tovarlari quyidagilar bo‘ldi:
- paxta (17,3 million dollar);
- sement (14,1 million dollar);
- elektr energiyasi (12,2 million dollar);
- alyuminiy (10,6 million dollar).
Tojikiston O‘zbekistondan asosan mineral va kimyoviy o‘g‘itlar, tabiiy gaz, maishiy texnika, kiyim-kechak va poyabzal, gilam, ipak mahsulotlari, pomidor, tarvuz va qovun kabi mahsulotlarni oladi. 2022-yilning iyun oyi oxirida “O‘zto‘qimachiliksanoat” delegatsiyasi Tojikistonga amaliy tashrifi chog‘ida Xatlon va So‘g‘d viloyatlari mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari bilan paxtani qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish istiqbollarini muhokama qilgan.
Izoh (0)