Rossiyaning “Vektor” davlat ilmiy markazi maymunchechakka qarshi dori vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat qildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
“‘Vektor’” maymunchechakka qarshi dori vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza berdi. Ro‘yxatga olingan sana: 08.08.2022. Savdo nomi: NIOX-14”, — deyiladi xabarda.
Genomik tadqiqotlar bo‘limi bosh ilmiy xodimi Sergey Shchelkunovning ta’kidlashicha, Rossiyaning istiqbolli deb qaralayotgan NIOX-14 preparati tibbiy amaliyotga kiritilganidan so‘ng maymunchechak virusini o‘z ichiga olgan har qanday turdagi ortopoksviruslarga qarshi samarali ta’sirga ega bo‘ladi.
NIOX-14 preparati klinik sinovlargacha bo‘lgan barcha bosqichlardan va ko‘ngillilar ishtirokidagi klinik sinovlarning birinchi bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan. Ta’sir qilish prinsipiga ko‘ra, NIOX-14 ingibitor (fiziologik va fizik-kimyoviy jarayonlarning borishini sekinlashtiruvchi moddalarning umumiy nomi) hisoblanadi. Bu moddalar tashuvchi hujayraning tarkibiy qismlarida virus qobig‘ining shakllanishiga to‘sqinlik qiladi, maxsus oqsilni bloklab, virus faoliyatini cheklaydi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya O‘zbekiston, Armaniston, Qozog‘iston va Turkmanistonga maymunchechak kasalligini aniqlovchi testlar hadya qilgandi. “Rospotrebnadzor” xizmatining ma’lum qilishicha, maymunchechakni aniqlovchi test tizimi “Vektor” davlat ilmiy markazi tomonidan ishlab chiqilgan. Markaz test tizimlarini zudlik bilan ishlab chiqargani, butun Rossiya bo‘ylab uni sinovdan o‘tkazish mumkinligi haqida xabar bergan.
Izoh (0)