O‘zbekistonda tomchilatib sug‘orish tizimining qamrovi torligi sababli sug‘oriladigan yerlarga sarflanadigan suvlar hajmi kamaymayapti. Oqibatda suv tanqisligi va yerlarning sho‘rlanish hodisalari tezlashmoqda. Bu haqda iqlimshunos Erkin Abdulahatov Telegram’dagi sahifasida maqola e’lon qildi.
Erkin Abdulahatovning qayd etishicha, tomchilatib sug‘orish tizimi keng yo‘lga qo‘yilmas, suvni tejashga intilish bo‘lmas ekan, suv va yer sho‘rlanishi bilan bog‘liq muammolar kuchayib boraveradi.
Suv yetishmovchiligi haqidagi xavotirlar bugun paydo bo‘lgan muammo emas. Olimlar o‘tgan asr oxirlaridan bu muammo haqida tinmay bong urib kelishmoqda. Biror bir prognoz yo‘qki, kelgusida bizning mintaqada suv bilan ta’minlanish ijobiy bo‘lib ketsa. Ayrim viloyatlarda yer osti suvlarining qochishi kabi vaziyat yaqin kelajak uchun bor umidlarni yo‘qqa chiqardi. Oxirgi paytlarda burg‘ilash ishlariga kuch berish ortidan ko‘plab hududlarda yangi qishloq xo‘jalik yer maydonlari kashf qilinayotgandi. Ammo, bu xursandchilik uzoqqa bormasligi yer osti suvlarining qochayotgani, mazkur ne’mat abadiy emasligi, bunga ishonib qolmasligimizni anglatdi.
Mintaqamizga suv tanqisligi, qurg‘oqchilik, cho‘llashish asta mo‘ralayotgan ayni paytda anchadan beri tomchilatib sug‘orish, suvdan unumli foydalanishga o‘tish haqida gapirib kelinadi. Tomchilatib sug‘orish uchun milliardlab pul sarflanadi. Bunga aholi, fermerlar savodxonligini oshirish uchun ham bir nechta loyihalar amalga oshgan. Ammo, afsuski natija ko‘ngildagidek emas.
Mana bu hujjatda O‘zbekistonda sug‘oriladigan maydonlarning atigi 1,7 foiz qismida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi qo‘llanilayotgani aytilgan. Suv xo‘jaligi vazirligi hujjatida bu raqam ko‘proq, 6 foizdan yuqori. Ikki raqamdan ham ko‘rinib turibdiki, ahvol anchayin xarob.Erkin Abdulahatov maqolasi davomida professorlardan birining sug‘oriladigan yerlarga suvni tejamay sarflash nafaqat obi hayotning tez kamayishi, balki ekin yerlarining tez sho‘rlanishiga ham olib kelayotgani haqidagi gaplarini eslagan.
Kecha yoshi 85 larga borib qolgan professor B.A Kamalov xavotir bilan qo‘ng‘iroq qilib, menga o‘zining tashvishlarini bildirdi. O‘zbekistonda yiliga gektariga 10 ming 690 m³ sug‘orish uchun suv sarflanadi. Suvning fizik-kimyoviy xususiyatlaridan ma’lumki, 1 litr suvda 500 ml tuz mavjud. Bu bir tonna suvda yarim gramm tuz degani. Yiliga bir gektar maydonga 10 ming tonna suv berish orqali yerda 5 tonna tuz hosil bo‘lishiga olib kelyapmiz. Xayriyatki, mazkur tuzning 1/3 qismi kollektor, zakan va boshqa suv tizimlari orqali oqib ketsa, 1/3 qismi qishloq xo‘jalik mahsulotlariga tuz ozuqasini beradi. 1/3 qismi esa yerga singadi. Mana shu miqdor yerlarning tez sho‘rlashishiga olib keladi.
Agarda, tomchilab yoki suvni iqtisod qilish usullari orqali yiliga bir gektarga 3000 m³ gacha suv sarflash tizimi joriy etilsa, menimcha, biz ko‘p qismlarda suvni iqtisod qilgan, pirovardida, yerlarning sho‘rlashib tez ishdan chiqib ketishining oldini olgan va yuqori hosildorlikka erishgan bo‘lamiz, deydi professor olim.
Professor olimga kelajak avlod taqdiri, O‘zbekiston kelajagi muhim, mutasaddilar tomchilatib sug‘orish uchun ajratilayotgan pullarni g‘irromcha, chirkin, jirkanch yo‘llar bilan o‘zlashtirib emas, olimlarning fikrlarini inobatga olib ish yuritsa yaxshi bo‘lardi.Erkin Abdulahatov bundan avvalroq yozgan maqolasida suv tanqisligining kelgusidagi oqibatlari to‘g‘risida ham to‘xtalgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2030-yilga borib, respublikadagi sug‘oriladigan maydonlar hozirgiga qaraganda 25 foizgacha kamayadi.
Bu, kelgusida kishi boshiga 10 sotixdan kam yerda oziq-ovqat mahsulot yetishtira olish imkoniyati degani. Suv tanqisligi, yuqori bug‘lanish daryolarimizda suv sarfining kamayishi, endilikda daryo va soylarimiz quyi qismida umuman suv qolmayotgani, yerlarni qo‘shimcha o‘zlashtirish yoki mavjud yerlarda “tirikchilik qilish” uchun yer tubidan suv tortib olish texnologiyalari, burg‘ilash ishlariga kuch berilishiga olib keldi. Afsuski, yer osti suv sathi ham tog‘lardagi qorlar va seryog‘in davrlarda yig‘ilgan suv oqimiga bog‘liq. Va u ham bir kun kelib tugaydi. Yog‘in kam yog‘dimi, yer osti suv sathlari ham qochadi. Afsuski, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi gidrogeologiya ishlari tuzilmasining joylardagi monitoring quduqlarida oxirgi yillarda vodiy viloyatlari, Samarqand, Jizzax, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida yer osti suv sathlari 5 metr va undan pasayib ketgani haqida xavotirli hisobot yangradi.
Rasmiy statistik raqamlarda O‘zbekistonda mavjud yerlarning 20,7 foizi sug‘oriladigan yerlar ekani keltirilgan. Iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilik, uning ortidan yuzaga kelayotgan cho‘llashish jarayoni aholi jon boshiga sug‘oriladigan yer maydonlarining 24 foizgacha qisqarishiga olib kelgan. Erkin Abdulahatovning ta’kidlashicha, mintaqada tuz kelgusida yerlarni tez sho‘rlashishi va ishdan chiqishiga olib keladigan katta muammodir.
“Million yillar davomida Orol dengiziga quyilgan Sirdaryo va Amudaryo Orolga mintaqada yig‘ilgan milliardlab tonna tuzni olib borib tashlagan. Hozirda qurigan va qurib borayotgan Orol tubida 11,5 milliard tonnadan ko‘p tuz mavjud. NamDU professori B.A Kamalov fikricha, Orolqum tubidagi tuz mintaqada yog‘in hosil qiluvchi havo massalariga bevosita ta’sir etadi. Havoga ko‘tarilgan mayda (dispers) mineral tuz ingrediyenti suv bug‘i to‘yinishi, pirovardida tomchi hosil bo‘lishi uchun to‘sqinlik qiluvchi kondensatsiya yadrosi vazifasini bajaradi. Ming afsuski, barcha faktorlar kelgusida oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashishini anglatib turaveradi”, — deb yozgan mutaxassis.