O‘zbekiston Respublikasi hukumat delegatsiyasining Hindistonga tashrifi doirasida 28-iyul kuni investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev Hindiston qishloq xo‘jaligi va fermerlar farovonligi vaziri Narendra Singx bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda ikki mamlakat so‘nggi bir necha yil ichida agrar sektorda savdoni diversifikatsiya qilishga muvaffaq bo‘lganligi, ammo hali ham foydalanilmayotgan imkoniyatlar mavjudligi qayd etilgan.
Tomonlar mahalliy qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarining ikki mamlakat bozorlariga o‘zaro kirib borishi uchun qo‘shimcha qulay shart-sharoitlar yaratish orqali tovar ayirboshlash hajmini oshirish zarurligi xususida yakdil fikrga kelgan. O‘zbekiston 6 nomdagi hind mahsulotlarini, shu jumladan banan, mango, soya va guruchni import qilish uchun fitosanitariya ruxsatnomalarini taqdim etgan. O‘z navbatida, Hindiston tomoni uzum, anor, olma, xurmo, qalampir, pomidor, bodom va tarvuz kabi o‘zbek agrosanoat mahsulotlariga ruxsat berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Muzokaralarda ayrim qishloq xo‘jaligi kompaniyalarining investitsiya rejalari bilan bog‘lik masalalar muhokama qilingan. Jumladan, hozirgi vaqtda Hindistonning Indo Organics kompaniyasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga Namangan viloyatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlashni yo‘lga qo‘ymoqchi. Bunday texnologik loyihalarni ro‘yobga chiqarishda amaliy yordam ko‘rsatishga o‘zaro tayyorlik bildirilgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar yangi yuqori daromadli loyihalarni ishlab chiqish va erishilgan barcha kelishuvlarni hayotga tatbiq etish uchun hamkorlikni kengaytirishda davom etishga sodiqlikni bildirgan.
Izoh (0)