Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Pxenyan AQSH bilan har qanday harbiy mojaroga to‘liq tayyor ekanini aytdi. Bu haqda Janubiy Koreyaning Yonhap axborot agentligi KXDR davlat OAVlariga tayanib, xabar bermoqda.
“Shimoliy Koreya Qo‘shma Shtatlar bilan har qanday harbiy to‘qnashuvga to‘liq tayyor ekanini yana bir bor aytaman”, — dedi Kim Chen In 1950—1953-yillarda kechgan Koreya urushidagi sulhning 69 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda.
Shuningdek, u Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yolni agar Janubiy Koreya harbiylari Shimoliy Koreyaga zarba berishga “xavfli urinish” qilsa, ular yo‘q qilinishi haqida ogohlantirdi.
“Agar Janubiy Koreya rejimi va harbiy bezorilar bizga harbiy yo‘l bilan hujum qilishni o‘ylab, ma’lum vositalar yoki usullar asosida harbiy kuchimizning bir qismini oldindan zararsizlantirish yoki yo‘q qilish mumkinligiga ishonsa, ular xato qiladi”, — dedi Shimoliy Koreya rahbari.
Uning aytishicha, KXDRning yadroviy tiyib turuvchi kuchlari istalgan vaqtda safarbarlikka tayyor.
Izoh (0)