Qoraqalpog‘istonlik bolalar yozgi ta’tilni Farg‘ona viloyatida o‘tkazadi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Ellikqal’a va Bo‘zatov tumanlari hamda Nukus shahridan kelgan bolalar Qo‘qon temiryo‘l vokzalida viloyat hokimligi vakillari tomonidan tantanali kutib olingan.
Shu kunning o‘zida 302 nafar qoraqalpog‘istonlik o‘g‘il-qizlar Qo‘qon shahridagi “Koinot” bolalar oromgohiga joylashtirilgan.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan mazkur oromgohda qoraqalpog‘istonlik bolalar ta’til vaqtini mazmunli o‘tkazishi, dam olishi va sog‘lomlashtirilishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Bu yerda futbol, shaxmat, shashka, stol tennisi, voleybol, rasm, raqs, adabiyot, rus va ingliz tili to‘garaklari tashkil etilgan. Taniqli ijodkorlar bilan uchrashuvlar, turli tanlovlar va diqqatga sazovor joylarga sayohatlar ham bolalarning maroqli dam olishiga xizmat qiladi.
Izoh (0)