O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to‘rtinchi maslahat uchrashuvida nutq so‘zladi.
Davlat rahbari nutqi avvalida Qirg‘iziston prezidentiga samimiy qabul va sammitni a’lo darajada tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirdi. Maslahat uchrashuvida ilk bor ishtirok etayotgan Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovni qutladi.
“Bugun qayta-qayta ta’kidlanganidek, ushbu formatda yo‘lga qo‘yilgan muloqot tufayli biz do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga, mintaqada mutlaqo yangi konstruktiv hamkorlik muhitini yaratishga erishdik.
Biz Markaziy Osiyoning xavfsizligi va barqarorligini, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha murakkab vazifalarni izchil hal etib kelmoqdamiz.
Bu yo‘lda ko‘plab to‘siqlar olib tashlandi, fuqarolarning erkin harakatlanishi, faol madaniy va sayyohlik almashinuvi uchun sharoitlar yaratildi.
O‘zaro savdo va investitsiyalarning o‘sishiga xizmat qiluvchi qulay muhit shakllandi.
Birgina so‘nggi besh yilning o‘zida hududlararo tovar ayirboshlash hajmi ikki baravar oshdi.
Shuningdek, qo‘shma sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish, samarali qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish, transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirishga kirishdik.
Eng muhimi, qardosh xalqlarimiz ana shu ijobiy o‘zgarishlarning barchasini his qilyapti”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh (0)