Qozog‘iston hukumati boshqa davlatlarni, jumladan, yadroviy mamlakatlarni 2045-yilgacha yadro qurolini to‘liq yo‘q qilish bo‘yicha bosqichma-bosqich reja ishlab chiqishga chaqirdi. Bu haqda Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi “Liter.kz” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Ukraina hududidagi hozirgi harbiy mojaro, yadroviy qurolning qaytarilishi va yadroviy quroldan foydalanish bo‘yicha o‘zaro tahdidlar haqida gapirish bizni har qachongidan ham ko‘proq insoniyatning jamoaviy zaifligi hamda ushbu halokatli qurollarni taqiqlash va yo‘q qilish zarurati haqida o‘ylashga majbur qiladi”, — deya yozadi Qozog‘iston TIV rahbari.
Uning qayd etishicha, yadro qurolini to‘liq yo‘q qilish bo‘yicha kelishuvlar 21—23-iyun kunlari Vena shahrida bo‘lib o‘tadigan Yadro qurolini taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomaning birinchi konferensiyasi yakuniy hujjatlarida yozilishi mumkin.
Muxtor Tleuberdining qo‘shimcha qilishicha, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish avvalroq dunyo bo‘ylab 13 400 ga yaqin yadro kallaklari mavjudligi, bu yadro qurolini ishlatish ehtimolini “sovuq urushning eng qora kunlaridagidan ham realroq” qilishini aytgan.
Izoh (0)