O‘zbekistonga Mo‘g‘ulistondan keltiriladigan go‘sht va go‘sht mahsulotlari hajmi oshiriladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Hamkorlik bo‘yicha muzokaralarda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher To‘rayev Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Batsumber Munxjin bilan uchrashdi.
Mo‘g‘ulistonda chorvachilik agrar sektorning eng rivojlangan tarmog‘i hisoblanadi. Mamlakatda 70 mln ga yaqin yirik va mayda qoramol bo‘lsa, shundan 35 mln ga yaqini qo‘y.
Shuningdek, janob Munxjin bugungi kunda o‘zaro tovar yetkazib berish asosan quruqlikdagi transport orqali amalga oshirilayotganini ta’kidlab, shu munosabat bilan mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-sotiqning yangi yo‘lagi sifatida charter reyslarini yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekistondan Mo‘g‘ulistonga yetkazib beriladigan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘zbekistonda har yili 20 mln tonnadan ziyod mahsulot ishlab chiqariladi va dunyoning 100 ga yaqin davlatiga 80 dan ortiq turdagi yangi va qayta ishlangan meva-sabzavotlar eksport qilinadi.
Bundan tashqari, Mo‘g‘ulistondan go‘sht va go‘sht mahsulotlari yetkazib berish hajmi ham oshiriladi.
Tomonlar O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonning o‘zaro savdo va qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yishda hamkorlik qilishdan manfaatdor korxonalari ro‘yxatini tuzish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Bog‘dorchilik va issiqxonalarni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini o‘rganish bo‘yicha ikki davlat ilmiy idoralari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Avvalroq O‘zbekistonda 22 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari 2023-yilgacha bojxona bojlaridan ozod etilishi haqida xabar berilgandi.