Moskva viloyatida yuz bergan yong‘in oqibatida O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘ldi, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi.
Ma’lum qilinishicha, Moskva viloyatining Mitishi shahridagi ko‘p qavatli uylarning birida 3-may kuni sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi xodimlari tegishli tashkilotlar vakillari bilan tezkor aloqa o‘rnatgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in sigareta qoldig‘i o‘chirilmagani natijasida kelib chiqqan.
Xonadon egasi 4-qavatdan sakrab, olgan jarohati natijasida va yana 2 nafar O‘zbekiston fuqarosi liftda havo yetishmasligi oqibatida vafot etgan.
“Hozirda ushbu holat nozoratga olingan va vafot etgan yurtdoshlarimiz Rossiyada rasmiy mehnat faoliyatini amalga oshirib kelayotgani sababli ularning jasadlarini Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan vatanga qaytarish choralari ko‘rilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Moskvada migrantlar ishlayotgan bino tomining qulab tushishi oqibatida bir nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgandi.
Izoh (0)