Yo‘l belgilarining texnikaviy shartlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilmoqda. Bu haqda 18-aprel kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida IIV JXD YHXX boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Erali Bozorovning aytishicha, O‘zbekistondagi yo‘l belgilarini zamonaviy standartlarga javob beradigan holatga keltiriladi.
“Hozirda yo‘l belgilari bo‘yicha davlat standartlari ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra, yo‘l belgilari texnikaviy shartlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi. Jumladan, yo‘l belgilarining zamonaviyligiga, yorug‘lik qaytaruvchanligi va uzoqdan ko‘rinishiga jiddiy talablar kiritilmoqda. Bugungi kunda bu loyiha salkam tayyor holatda. Tez kunda Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazsak, bemalol ommaga taqdim qilishimiz mumkin”, – dedi YHXX rahbari o‘rinbosari.
Ta’kidlanishicha, kelajakda barcha yo‘l belgilari yangi davlat standarti asosida qayta ko‘rib chiqiladi va almashtiriladi.
Avvalroq O‘zbekistondagi 2 mingdan ortiq chorraha svetofor bilan jihozlanmagani, yo‘l belgilari yetishmasligi xabar qilingandi. Shuningdek, respublikada yo‘l belgilarini ishlab chiqishda “Avtoyo‘l” monopoliyasi bekor qilingani bildirilgan.
Izoh (0)