“Manchester Yunayted” yarim himoyachi Brunu Fernandesh baxtsiz hodisaga uchradi.
Portugaliyalik futbolchi 18-aprel tongida o‘zining Porsche rusumli avtomashinasida YTHga uchradi. U bilan to‘qnashgan Volkswagen yo‘l chetiga chiqib ketgan, uning haydovchisi yengil jarohat olgan. Futbolchi va uning atrofidagilarga jiddiy jarohat yetmadi, deya xabar qilmoqda TalkSport.
Fernandesh voqeadan so‘ng “Manchester Yunayted” bazasiga qaytib, mashg‘ulotlarga kirishgan.
Avvalroq, “Real” sobiq futbolchisi Freddi Rinkon o‘tirgan mashina Kalida (Kolumbiya) avtobus bilan to‘qnashib ketgani xabar qilingandi. Oradan 3 kun o‘tib, Rinkon vafot etgandi. 2021-yilda esa “Navbahor” futbol klubi a’zosi Samandar Yigitaliyev 29-dekabr, “Bunyodkor” futbolchisi Diyor Rahimqulov 11-dekabr kuni avtohalokat oqibatida vafot etgani ma’lum bo‘lgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)