Toshkent shahrida ishni javobgarning foydasiga hal qilib bermoqchi bo‘lgan hakamlik sudi sudyasi qo‘lga olindi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Ma’lum qilinishicha, departament hamda DXXning Toshkent shahar boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda Toshkent shahar Hakamlik sudi sudyasi M.K. javobgar M.X.ning ishini uning foydasiga hal qilib berish hamda o‘zining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali ushbu qarorning kelgusida bekor bo‘lmasligini va’da qilgani aniqlangan. Buning evaziga u javobgar M.X.dan firibgarlik yo‘li bilan 4 ming dollar talab qilib, shundan 2,5 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Andijonda jinoyat ishi bo‘yicha tergov jarayonini ijobiy hal etish uchun 8 ming dollar olgan shaxs ushlangani, Sirdaryoda ikki mahkumni 136 million so‘m evaziga ozodlikka chiqarib berishni va’da qilgan shaxs aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Mavzuga doir:
- Qashqadaryoda neft mahsulotlari yo‘qolganini tekshirayotgan tergovchiga 1,3 ming dollar pora bergan korxona operatori ushlandi
- Samarqandda mahkum IIB Probatsiya noziriga pora berishga urindi (video)
- Samarqandda uyida fohishaxona saqlagan ayol javobgarlikdan qochish uchun tergovchiga 3 ming dollar pora berayotganida ushlandi