Buxoro viloyatining Kogon tumanida meteorologik radiolokator uskunasi o‘rnatilib, 31-mart kuni foydalanishga topshirildi. Ochilish marosimida nutq so‘zlagan Gidrometeorologiya xizmati markazi bosh direktori Sherzod Habibullayev xuddi shunday radiolokator O‘zbekistonning yana ikkita hududida o‘rnatilishini ma’lum qildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
Sherzod Habibullayevning xalqaro tashkilotlar hisob-kitobiga tayanib qayd etishicha, O‘zbekistonda tabiiy ofatlar har yili o‘rtacha 1,4 million kishining hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Yetkazilgan zarar yiliga qariyb 3 milliard dollarni tashkil etyapti.
“Birgina misol, 2020-yilda Buxoro viloyatining Qorako‘l va Olot tumanlarida kuzatilgan tabiiy ofat tufayli bir nafar fuqaro vafot etgan, 40 nafardan ortiq kishi jarohatlangan. Davlat byudjetiga esa 500 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan.
Bu kabi talafotlarning oldini olish va tabiiy ofatlarni yumshatish maqsadida davlat byudjeti hisobidan Kogon tumanida o‘rnatilgan meteorologik radiolokator bugun foydalanishga topshirilmoqda.
Shuni alohida aytish kerakki, oxirgi yillarda juda tez hosil bo‘ladigan xavfli halokatli gidrometeorologik hodisalarni aniqlash turli iqlimiy modellarga ham qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Katta masofalarni ko‘ra oladigan zamonaviy doplerli meteorologik radiolokator ma’lumotlariga ehtiyoj ortmoqda. Bu kabi bir nechta uskunalarning integratsiyalashgan mahsuli atmosferadagi faktik ob-havo jarayonlarni real vaqtda ko‘rsatish imkonini beradi”, — deydi Habibullayev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, shu paytga qadar Toshkent, Samarqand va Nukus shaharlari aeroportlarida AQSH va Germaniya kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan meteorologik radiolokatorlar o‘rnatilgan. Mazkur lokatorlar aviatsiya uchun tayyorlanadigan ob-havo prognozlari ishonchliligini yanada oshishiga, kuchli yomg‘ir, do‘l, qor kabi hodisalarga olib keluvchi kuchli bulutlilikni aniqlash va uni prognozlashga xizmat qilmoqda.
“Joriy yil yakunigacha To‘raqo‘rg‘on tumaniga, 2023-yilda Termiz shahriga lokatorlar o‘rnatilib, ishga tushiriladi. Kelajakda bu kabi meteolokatorlar yagona platformaga birlashtiriladi. Natijada, respublika hududini to‘liq qamrab oluvchi yer usti meteorologik radiolokatorlar yagona tarmog‘i tashkil etiladi hamda iqtisodiyotning ob-havoga bog‘liq tarmoqlari faoliyati barqarorligi va aholi xavfsizligini ta’minlashga erishiladi”, — deydi markaz direktori.