Buxoroda mutasaddilar e’tiborsizligi oqibatida ayrim madrasalar hujralaridan omborxona sifatida foydalanib kelingani aniqlandi. Viloyat hokimi Botir Zaripov holatni keskin qoraladi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat hokimi axborot xizmati rahbari Olim Jo‘rayev xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, viloyat hokimi mutasaddilar hamrohligida Labi hovuz ansamblining sharqiy qismida joylashgan Nodir Devonbegi hamda Ko‘kaldosh madrasalari holatini ko‘zdan kechirgan.
“Tarixiy yodgorliklarning qarovsizlik oqibatida nurab borayotgani kishini tashvishlantiradi. Dastlab karvonsaroy sifatida qurilgan va keyinchalik madrasaga aylantirilgan obidalardan masjid, darsxona sifatida foydalanib kelingan. Nodir Devonbegi to‘rtta darsxona hamda 28 ta hujradan iborat ekan. Afsuski, madrasadagi hujralar omborxona vazifasini o‘tamoqda. Ular ta’mirtalab, o‘ta abgor ahvolda”, — degan Botir Zaripov.
Sovet hokimiyati yillarida islom diniga qarshi kurash avj olgach, Ko‘kaldosh va Nodir Devonbegi madrasalarida ta’lim berish to‘xtatilgan. Hozirgi kunda esa hunarmandchilik markazlariga aylantirilgan. Aksariyat hujralar mahalliy hunarmandlarga ajratib berilgan. Hunarmandlar esa ayrim hujralarni omborxonalarga aylantirib yuborgan.
“Xunuk manzara, tashlandiq holda yotgan hujralarni ko‘rgan sayyoh ko‘nglidan qanday o‘ylar kechadi? Ulug‘ ajdodlarimizning mashaqqatli mehnati evaziga bunyod bo‘lgan yodgorliklarga xo‘jasizlarcha munosabatda bo‘lib kelishgan. Hech bo‘lmasa bino ichi va atrofini tozalab, saqlab tursa bo‘ladi-ku”? — degan Botir Zaripov mas’ullarga qarata.
Hokim shuningdek, tarixiy obidalar holatiga mas’uliyatsizlik bilan qaragan Buxoro shahri hokimi Jamol Nosirov, madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Mahmudov hamda bir qator viloyat mas’ullarini qattiq ogohlantirgan. Ularga bir hafta muddat berib, Buxoro shahridagi har bitta masjid va madrasani, madaniy meros obyektlarini o‘rganish va obodonlashtirish lozimligini topshirgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, Buxoroda tarixiy obidalar hamda madaniy meros obyektlari 829 tani tashkil etadi.