Qashqadaryoda neft mahsulotlarini saqlashga moslashgan korxona rahbariyatining ancha miqdorda neft mahsuloti yo‘qolgani haqidagi bildirish xatiga asosan, Qarshi shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borildi. Bu haqda viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Tekshiruv harakatlari davomida MChJ operatori Sh.U. bilan olib borilgan surishtiruvlar jarayonida u qilmishini yashirish maqsadida ishni o‘z foydasiga hal etish va jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik evaziga IIB tergovchisiga 2 ming dollar miqdorida pora taklif qilgan. Tergovchi unga pora berish va olish jinoyat ekani, jinoiy javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida tushuntirishlariga qaramasdan, Sh.U. pora taklif etavergan.
Ushbu holat yuzasidan mayor T.Rajabov pora taklif qilayotgan shaxsga qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, viloyat IIB rahbariyati nomiga bildirgi bergan.
1-mart kuni holat yuzasidan IIV SHXBB Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi va viloyat prokuraturasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda Sh.U. Qarshi shahar IIO FMB 3-sonli IIB katta tergovchisi T.Rajabovga 1,3 ming dollar bergan vaqtda tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati prokuraturasi tomonidan Sh.U.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq Buxoroda profilaktika inspektoriga 100 dollar pora bermoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olingani, Samarqandda Milliy gvardiya xodimi noqonuniy yer sotish uchun 100 ming dollar olayotganida ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.