Qamchiq dovonidan o‘tgan avtomobil yo‘lining 236—241-kilometrlari oralig‘ida 21-mart kuni maydalab qor yog‘moqda. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, YHXX barcha haydovchilardan ob-havo sharoitini inobatga olgan holda, tezlikni me’yordan oshirmasdan oraliq masofani saqlab harakatlanishini so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, Gidrometeorologiya markazi 21-mart kuni qanday ob-havo bo‘lishini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, respublikaning tog‘li hududlarida havo o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin. Qor ko‘chishi xavfi bor. Shamol sharqdan 7-12 metr/sekund tezlikda esadi. Harorat kechasi 2-7 daraja sovuq, kunduzi 3 daraja sovuq-2 daraja iliq bo‘ladi.
Avvalroq Qamchiq dovonida 15—18-mart kunlari shamol kuchayib, tuman tushishi mumkinligi xabar qilingandi. Toshkent—O‘sh avtoyo‘lining Qamchiq dovoni hududida 17-mart kuni tuman tushishi kuzatilgan. Ko‘ruvchanlik 5 metrni tashkil etgan.
Izoh (0)