Toshkent viloyatining ayrim hududlarida 13-mart kuni soat 9—10 lar atrofida quyuq bulut tushib, kuchli do‘l yog‘di. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu tabiat hodisasi aks etgan foto va videolar tarqaldi.
Kanal foydalanuvchilarining aytishicha, shu vaqtda osmon bir zum qorong‘ulashgan. “O‘zgidromet” yetakchi mutaxassisi Erkin Abdulahatovning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘ta nam havo oqimlari sababli yuz bergan. Atmosferada bulutlar qatlamida o‘ta to‘yingan suv bug‘lari va muz zarrachalari quyosh nurlari va yorug‘ligini bir muddat cheklab qo‘ygan.
Shundan so‘ng kuchli do‘l yog‘a boshlagan. Toshkent viloyatidan tashqari, Jizzax, Sirdaryoda ham do‘l yog‘gani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 9-mart kuni Qashqadaryo viloyatida noodatiy tropik mamlakatlarda uchraydigan bulut hodisasi kuzatilgandi.
“O‘zgidromet” ma’lumotiga ko‘ra, vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi bilan kuzatiladigan beqaror ob-havo keyingi haftaning birinchi yarmigacha saqlanib turadi. Ayrim viloyatlarda kuchli shamol va momoqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Mavzuga doir: Video: Namanganda do‘l yog‘ishining oldi olinmoqda
Izoh (0)