Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusuf Qobuljonov Ukraina chegarasidan Moldova hududiga o‘tgan fuqarolarni evakuatsiya qilish ishlari haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, Ukrainaning Moldova bilan chegaradosh joylarida yashovchi 200 ga yaqin o‘zbekistonlik boshpana izlab, Moldova hududiga o‘tgan. Mamlakat insonparvarlik nuqtayi nazaridan, fuqaroligidan qat’i nazar, o‘z hududiga kirayotgan barcha shaxslarni tashish, joylashtirish, ovqatlantirish va boshqa zarur masalalarda ko‘mak bermoqda.
O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi tomonidan Moldovada bo‘lib turgan vatandoshlar masalalarini muvofiqlashtirish va hal qilish maqsadida ko‘ngillilar guruhi shakllantirilgan. Moldovada bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarning keyinchalik vataniga evakuatsiya qilinishini tashkil etish uchun ularning ro‘yxati va ma’lumotlar bazasi shakllantirilmoqda.
“Hozirgi paytda Polsha orqali evakuatsiya qilishning asosiy ustuvor ekanini inobatga olgan holda, fuqarolarimizni Moldovadan qaytarish masalasi keyinroq ishlab chiqiladi. Bundan tashqari, mazkur mamlakat havo hududi aviaqatnovlar uchun yopiqligicha qolmoqda”, — deyiladi xabarda.
Mavzuga doir:
- O‘zbekiston Kiyevdagi elchixonasini ko‘chirish masalasini ko‘rib chiqmayapti — TIV
- Polsha orqali evakuatsiya qilinayotgan o‘zbekistonliklar 15-martgacha mamlakatni tark etishi kerak — TIV rasmiy vakili
- “Himoyalangan bunkerlarda qolish tavsiya etiladi”. TIV Ukrainaning ayrim shaharlaridan fuqarolarni evakuatsiya qilish harbiy harakatlar tugagach amalga oshirilishini ma’lum qildi