Iqtisodchi Abdulla Abduqodirov “Daryo” nashriga bergan intervyusida O‘zbekiston soliq tizimidagi bir qator muammolar va ularning yechimlariga to‘xtalib o‘tdi.
“Yangi Soliq kodeksi tadbirkorlik tizimini teskari o‘girib qo‘ydi”
Iqtisodchining aytishicha, tizimdagi muammolardan biri qo‘shilgan qiymat solig‘idagi chalkashlik bilan bog‘liq.
“2019-yilda qabul qilingan Soliq kodeksining eng katta kamchiliklaridan biri – ungacha yuzaga kelgan tadbirkorlik tizimini butunlay teskari tomonga o‘girib qo‘yganida. Ya’ni yangi qonungacha yuzaga kelgan tadbirkorlik tizimida kichik va o‘rta korxonalar o‘zining “oboroti”ga emas, ishchilari soniga qarab aylanma mablag‘idan 5 foiz soliq to‘lar edi. Boshqa soliq to‘lanmasdi. Yangi Soliq kodeksi bilan esa agar aylanma mablag‘ingiz 1 milliard so‘mdan oshsa, umumiy soliqlar to‘laysiz. Ya’ni o‘sha paytda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) 20 foiz edi. Keyin 15 foizga tushurildi.
QQS kichik va o‘rta biznes uchun mahsulot tannarxiga qo‘shilgan 20 foiz ustama bo‘ldi aslida. U daromad solig‘i emas, “oborot” solig‘i bo‘lib qoldi. Yo‘q, “buni fuqarolar to‘laydi”, deyishdi. Ha, ular qayerdan olib to‘lardi, cho‘ntagidan to‘laydida! 20 foiz qimmat bo‘lgan narsani qanday to‘laydi? Iste’molchi ilojsiz: “bo‘ldi, buni olishga pulim yetmas ekan, boshqa joydan arzonini topaman yoki bo‘lmasa sabr qilib turaman”, deydi. Oqibatda aholining to‘lov qobiliyati tushib bormoqda. Bunga sabab mahsulot tannarxida fiskal omillar — soliqlar va kreditlar roli keskin ortdi. Biz o‘sha-o‘sha mahsulotni iste’mol qilyapmiz, lekin uning tannarxida “o‘tirgan” soliqlar va kreditlar narxi juda yuqori.
Soliqdagi asosiy muammolardan biri — aylanma mablag‘ soliqlariga (QQS, resurs soliqlari va boshqa) katta e’tibor berilib, ular bugungi kunda mahsulot tannarxiga va narxiga juda katta ta’sir ko‘rsatyapti. Bu sohada eng katta ta’sir kichik va o‘rta biznesga bo‘lmoqda. Ular mahsulotini 15 foiz ustama qo‘yib sotishga majbur”, — dedi iqtisodchi.“Boylar emas, kambag‘al va o‘rta qatlam soliq to‘lamoqda”
Abdulla Abduqodirovning ta’kidlashicha, ikkinchi masala soliq to‘lash hamma uchun barobar emasligi bilan bog‘liq.
“Aytaylik, umumiy iqtisodiyotda 40 trillion so‘m soliq to‘lanadigan bo‘lsa, shuning 80 foizi turli imtiyozlarga sarflanadi, ya’ni 32 trillion so‘mni hech kim to‘lamaydi. Qolgan 20 foizini boshqalar to‘layapti. Ya’ni o‘ziga katta miqdordagi imtiyozlar olayotganlar kimlar — o‘sha siz bilan biz aytayotgan davlat monopoliyalari va davlatga yaqin bo‘lgan turli strukturalar. Ularga faqat QQSdan emas, yer, mulk, daromad, foyda solig‘idan ham yuzlab imtiyozlar berilgan. Eng muhimi, bu imtiyozlar parlament tomonidan yoki qonunchilik asosida emas, ba’zan Vazirlar Mahkamasi qarori yoki farmoyishlari bilan berilgan. Bu umuman noqonuniy ishlar.
O‘zbekistonda 42 foizdan ortiq daromad solig‘ini o‘rtacha oyligi 2 million so‘mgacha bo‘lgan odamlar, ya’ni kambag‘allar to‘layapti. Boylar o‘ziga imtiyozlar olib soliq to‘lamayapti, asosiy soliqni esa kambag‘allar va o‘rta qatlam to‘lamoqda”, — dedi iqtisodchi.
“Soliq administratsiyasi murakkablashtirilmoqda”
Shuningdek, Abdulla Abduqodirov soliq administratsiyasi murakkablashib borayotgani, soliqlarni hisoblash va to‘lashning qiyinlashishiga olib kelayotganini aytdi.
“Raqamlashtirish niqobi ostida soliqni hisoblash va to‘lash borgan sari murakkablashtirilyapti. Hammada ham kompyuter yo‘q va uni juda yaxshi ishlatadigan xodimlar kam. Bu kompyuterlardagi dasturlarning ishlash sifati juda past darajada. Keyin internetdagi muammolar tufayli u dasturlar doim bir xil ishlamaydi. Qanday qilib bunday sharoitda raqamlashtirish haqida aytishimiz mumkin? Oldin internet tezligini oshiraylik. Avval xalqni kompyuter va raqamlashtirish sohasidagi umumiy bilim darajasini oshirib qo‘yaylik. Keyin talab qilsak, soliq sohasiga buni kiritsak bo‘ladi. Qanday qilib, xalqni qo‘liga qurol bermasdan turib buni talab qilish mumkin”, — dedi u.
“Soliqlarni pasaytirib, hisoblashni osonlashtirish zarur”
Iqtisodchining aytishicha, avvalo, kichik va o‘rta biznes masalasini butunlay qayta ko‘rib chiqish zarur. Bu sohada soliqlar miqdorini pasaytirib, soddalashtirish kerak.
“Soliqlarni hisoblash va to‘lash kichik biznes uchun juda oson bo‘lishi lozim. Bu eng muhim yo‘nalish. Mazkur sohada birinchi qiladigan ishimiz — umumsoliq to‘lash chegarasini 1 milliard so‘mdan 20 milliard so‘mga ko‘paytirish. Bu eng sodda va birinchi qadam bo‘ladi. Shuning o‘zida ko‘rasiz iqtisodiyotimiz birdaniga rivojlanib ketadi. Soliq yig‘ish hajmi ham, soliq to‘lovchilar soni ham ko‘payadi. Buni aniq bilaman. Shunday tajribaning natijasi yaxshi bo‘lishini Gruziya, Boliqbo‘yi va boshqa mamlakatlar misolida ko‘rishimiz mumkin.
Mavzuga doir: “Monopolistlar boyib bormoqda” – iqtisodchi Abdulla Abduqodirov bilan jamiyatdagi tabaqalashuv muammolari haqida suhbat
Internet madaniyati yo‘q bo‘lgan joyda qanday qilib raqamlashtirish haqida gapirish mumkin? Soliqlarni raqamlashtirish ishida asosan shaharlardagi aholi qatnashadi. Qishloq aholisi jarayonda qatnashmayapti. Bu iqtisodiyotimizning yarmi raqamlashtirishda qatnashmayotgani va yashirin iqtisodiyotga o‘tib ketganini anglatadi. Hammasini ko‘rib-bilib turishibdi. Lekin
chiroyli gaplarni gapirishimiz, chiroyli raqamlarni keltirishimiz, o‘zimizni aldashimiz kerak”, — dedi Abdulla Abduqodirov.