Respublika Gidrometeorologiya markazi shtorm ogohlantirish bilan chiqdi.
Ma’lum qilinishicha, 4—6 mart kunlari O‘zbekiston hududiga Turkmanistondan iliq havo, so‘ngra Kavkaz hududlaridan nam va nisbatan salqin havo massasi kirib kelishi kutilmoqda.
4—5-martda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 18-23 metr/sekundgacha kuchayishi va chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarining ayrim joylarida shamol tezligi 25-30 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin.
5—6-martda respublika hududi bo‘yicha yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Tog‘oldi va tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor), ba’zi joylarda kuchli bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zgidromet” haftaning ikkinchi yarmidan Eron hududlaridan juda iliq havo shiddatli kirib kelishi kutilayotgani, bu 4-mart kuni shamolning 15-20 metr/sekundgacha kuchayishiga sabab bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgandi.